|
FARISHTA
Men yerga bog‘langan bir bandi edim, Sahar borib, oqshom qaytardim ishdan. Sen kelding… Sen, axir, qaylardan kelding? Ko‘klardan tushdingmi, ma’sum farishtam?
Bir xushbo‘y sabolar taraldi birdan – Yurakni siypalab, erkalaguvchi. Odamlar odamdan zerikkan yerdan Insonlar tarafga yetaklaguvchi.
Esladim, Olovlar gurlar qo‘ynimda – Bir buyuk vulqonlar portlaganini. Keyin sukunatda Tunda Bo‘ynimda Kiprik kapalakday potraganini.
Shu munis turishda Bu ko‘hna olam Sevgiga zorligin eslatib turding. Chaqnoq ko‘zlaringga ko‘zim tushgan dam Yuragim borligin eslatib turding.
Men senga bog‘langan bir bandi, asir, Sen uchsang, uzilib tushar jon rishtam. Menga rahming kelsin, Shafqat qil, axir – Dunyoning holiga achin, farishtam!
2004
SIZ…
Mudom yorug‘ bo‘lsin darchalaringiz! Menga ko‘chib o‘tsin barcha dardingiz! Men sizni avaylab charchamadim hech, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.
Goho yomon qarab, goh qaramasdan, Goho yolg‘on kulib, goh kulib rostdan, Goho erkalanmay, erkalamasdan, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.
Kimning qo‘lini sal uzoq tutdingiz, Qaygadir ketdingiz, shoshib ketdingiz. Yonimdan ko‘rmagan bo‘lib o‘tdingiz, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.
Yosh bola emasdim, ko‘pni ko‘rgandim, Hammaning ustidan kulib yurgandim. Lek sizga boladek qattiq o‘rgandim… Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.
Xohlasang olasan, agar shoh bersa, Qayoqqa borasan, tangri – haq bersa. Nima ham der edim, sizga zavq bersa… Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.
2004
KUZDA
Kuzda uchib ketar baxt qushlari ham, Omad ham betayin qushga aylandi. Kecha tuyg‘ularni ko‘klatgan ko‘klam Bugun jon so‘ragan qishga aylandi.
Sharob ichmay turib, yurardim sarxush, Boshimdan yulduzni elardi gardish. Kunlarim kechardi ko‘rgan kabi tush, Endi o‘sha kunlar tushga aylandi.
Men ham ishonmasdim, avval aytsalar, Tovonim silagan mayin maysalar Yotsam, yuragimga urar nayzalar… Qosh kabi maysalar nishga aylandi.
Sen neni bilasan, osmondagi qiz? Bahorday bildirmay qariydi bu his. Esiz, yoshligimiz, sevgilarimiz… Bugun sevgi oddiy ishga aylandi.
2005
AYLANAY
Ko‘zmunchog‘ing qo‘yma asta, dildorim, Ay, aylanay, noziknihol qaddingdan. Kuzagimni xushbo‘y etgan bahorim, Ay, aylanay, atirgulim, atringdan.
Ikki ko‘zim manim, ikki dagarim, So‘zi navvot, qiliqlari shakarim, Mirzo Ulug‘begim, Mirzo Anvarim, Ay, aylanay, sabza urgan xattingdan.
Mayiz bo‘lib saratonda kuygan el, Bolasidan dalasini suygan el, Yaxshi kunni faqat to‘yga qo‘ygan el, Ay, aylanay, kiprikdagi gardingdan.
Ba’zan ko‘ngil uchun ko‘ngil so‘ralar, Kim termular, kimdir sekin mo‘ralar, Ay, do‘stlarim, ulfatlaru jo‘ralar, Ay, aylanay, nomardingu mardingdan.
Omon edi orzu, tilagim kecha, Tangrim, boqding chuqur yuragimgacha, Bedavo dard berding suyagimgacha, Ay, aylanay, tanlab bergan dardingdan.
2002
OVORA
Yaqin ham kelolmay, uzoq ketolmay, Yerning atrofida yo‘ldosh ovora. Zaminni bir tekis chaman etolmay, Milliard yil nur sochib quyosh ovora.
Bahor sizga bermish guldan zeb, sarpo, Menday o‘tkinchiga endi ne parvo. O‘yin bilan bandsiz sho‘x va beparvo, Xinoli barmoqqa to‘ptosh ovora.
Qizbola bosh bilan dunyoni anglab, Aql bilan chertib, olasiz tanlab. O‘zlarin dardlarin o‘zlari tinglab, Menday necha telba, bebosh ovora.
Qachonki, o‘zandan uziladi suv – Uch kun to‘xtab qolsa, buziladi suv. Yuragim ostida eziladi suv, Ko‘zimga chiqolmay ko‘zyosh ovora.
2003
QO‘QON SHAMOLI
A’zam O‘ktamga bag‘ishlayman
O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib, Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli. Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib, Ajrata bilmaysan yerdan samoni.
Uch kun davom etar talotum, qutqu, Uch kun kattalarning tilida duo. Uch kun el taqvoga burkanar butkul, Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.
Ayollar munis va mushfiq yanada, Nenidir sarhisob qilar erkaklar. Dunyodan uzilgan sirli xonada G‘o‘jaloq bolalar tinglar ertaklar.
Nam tortgan devorlar qulaydi guppa, O‘qildizi kalta daraxtlar qular. Qurtlagan mevalar yer bilan bitta, Tegmanozik gullar, zaifa gullar…
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu! Borni bor, yo‘qni yo‘q qilib berguvchi. Boshingga zo‘r savdo tushmasdan burun Kimning kimligini bilib berguvchi!
Yashash qanday engil – shamoldan keyin Ajib bir xushhollik, bir ajib surur. G‘uborsiz havolar ipakdek mayin… Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!
…Bitta gap esimdan ketmaydi hamon: Bir sayyoh – el kezib rizqini tergan, Shamol mavsumiga tushib nogahon, Ko‘chib ketmaysizmi, degan, bu yerdan?
Banda tadbir qilar, Yaratgan – taqdir, Qismat quyunida chirpirab uchdim. Sayyohning so‘zidan kulgandim, oxir – She’rimga ergashib poytaxtga ko‘chdim…
Qarayman, qurtlagan yuraklar to‘p-to‘p, Ildizsiz og‘ochlar tegar g‘ashimga. Ahyonda ko‘tarib suron, taloto‘p, Tentak shamollarim kirar tushimga.
Nozik nihollari bo‘lsalar paymol, Roziman, bo‘ynimga barin uvoli. Bir marta teskari yursang, yuraqol, Toshkentda kutaman, Qo‘qon shamoli!
2002
MENING DARDIM
Erta kelgan o‘xshar xazon fasli, Salim, Novdalarda bemor yurak rasmi Salim. Atirgulni she’ga solib ulgurmadik, Atirgul deb kelgan edik asli, Salim. Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
Shamol yalab ado qilgan duvolmidik, Toshloqqa tup qo‘yolmagan niholmidik, Qorda qolgan qaldirg‘ochdek uvolmidik, Osmon – yuksak, zamin tuban, pastmi, Salim, Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
Oqimga ters suzgan nahang oqib ketdi, Og‘alarim zaru zo‘rga og‘ib ketdi, Ulton xo‘rlab, iligimni chaqib ketdi, Balchiqdagi baliq – qadrimmasmi, Salim, Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
Chilvir otib, qad ko‘targan tokni ko‘rdim, Asriy qora xat ko‘targan zog‘ni ko‘rdim, Oymomani dast ko‘targan tog‘ni ko‘rdim, Shavqi baland sog‘lar mudom mastmi , Salim, Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
Juvonmargning qabrin quchib, chim kuyadi, Yoshin yutib, jigarlari jim kuyadi. Lek juvonmarg orzularga kim kuyadi? Xunni so‘rab, kimdan olay qasdni, Salim, Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
Atirgulni tebratmasa, el bo‘ptimi, Xush bo‘ylarin taratmasa, gul bo‘ptimi? Bir dard bilan og‘rimasa, el bo‘ptimi, Bu dard bizdan ko‘ra qadimmasmi, Salim, Sening darding mening dardimmasmi, Salim?
2002
PUSHAYMON
Eng boy odam men bo‘lardim, Pushaymondan foyda bo‘lsa. Ko‘ngli toshdan tosh dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
O‘n beshimda qoldim sevib, Uyda yurak siqar edi. U ham ko‘lob suvlar sepib, Yana suvga chiqar edi.
Suvni burardim teskari, Agarda gap soyda bo‘lsa. Qoshi baxmalday dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
Oy yuzidan qaytgan nurlar Yuzlarida qamashardi. O‘n besh kunlik oyday dilbar Menga juda yarashardi.
Botmas edi kunduzlari Bunday chiroy oyda bo‘lsa. Oyga boqib, ul dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
Arazlashib qoldik bir kun, Uch kun o‘tdi, kechirmadi. Yuragimni bosdi tutun, Suvlar sepib o‘chirmadi.
Nima deysiz, qizlar barin Gap-so‘zlari mayda bo‘lsa. O‘zimday sodda dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
Uxlayolmay kechalari, Kunduzlari gangib yurdim. Ikki yilcha ko‘chalari Saratonda changib turdi.
Bir gapirib, o‘n kulardim, Kalishlari loyda bo‘lsa. Ko‘ngli muzdan muz dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
Ko‘kragimni berib yerga, O‘ylab, o‘yga etolmayman. Kelib-kelib kimga erga Tekkanini aytolmayman.
Bundan ortiq azob bormi, Bir ko‘cha, bir joyda bo‘lsa. Toshkentga ketdim. Dilbarni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
Sindirmaydi yillar kimni, Tuyg‘ularni silliqlaydi, Har ko‘rganda yuragimni Kapalaklar qitiqlaydi.
Uzr, oldim vaqtingizni, Koshki, gapdan foyda bo‘lsa. Nima qilay, o‘sha qizni Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
2002
ONAJON
Goho sizning borligingiz unutdim, Yo‘llarimda zorligingiz unutdim. Umidlari kesilgan bu dunyoda Yolg‘iz umidvorligingiz unutdim. G‘animatim, omonatim – onajon.
Oshno topdim, valekin do‘st topmadim, Oqko‘ngilli bir qorako‘z topmadim. Shamollarga sovurdim gul so‘zlarni, Lekin Sizga bir shirin so‘z topmadim. G‘animatim, omonatim – onajon.
Ba’zan falak menga bag‘ritosh keldi, Ishonganim g‘animga yo‘ldosh keldi. Omad ketsa, hamma kuldi ustimdan, Faqat Sizning ko‘zingizga yosh keldi. G‘animatim, omonatim – onajon.
Fursat o‘tib, sochga qirov qo‘narkan, Sevgi otashlari asta so‘narkan. Barcha tuyg‘u aldamchi va o‘tkinchi, Ona mehri yolg‘iz sobit qolarkan. G‘animatim, omonatim – onajon.
Hoki poyingizni ko‘zimga suray, O‘zim yarim ko‘nglingizni to‘ldiray. Bir chekkaga surib qo‘yib dunyoni, O‘g‘il bo‘lib, yoningizda o‘ltiray. G‘animatim, omonatim – onajon.
2000
BILSANG EDI...
Kel, deganda, noz qilmasdan kelsang edi, Gul berganda, qayrilmasdan olsang edi. O‘zing qandoq yaxshiliging bilasan-u, Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Bu dunyoga ozib-yozib bir bor kelib, Nahot o‘tsam hijronlarda bag‘rim tilib? Sen yurasan dardim bilmay, qadring bilib, Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Muzni qanday kuydirishni bilasan-a, Suymaganni suydirishni bilasan-a, Laylolardan qolgan ishqni bilasan-a, Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Chora istab bechoraman men chorasiz, Fe’ling sabab ikkimiz ham ovoramiz. Ichi qora qiz ekansan, e qora qiz! Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Etti iqlim, suv-havoni bilasan-u, Beshta qit’a, yer-samoni bilasan-u, Menga qara, har baloni bilasan-u, Seni qanday sevishimni bilsang edi!
2004
DILIM XUFTON
Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib, Uchrashuvga kelmadi u, shunday qilib. Xo‘rliklarim kelib ketar turib-turib, Endi uni unutayin qanday qilib?
Ismimni hech aytolmasdi, uyalardi, U jilmaysa, kun chiqqanday tuyulardi. Ismin aytsam, olamga nur quyilardi, Endi uni unutayin qanday qilib?
Ko‘zim yumib ochsam agar, sog‘inardim, Chekib dardlar, yozib xatlar sog‘inardim, Barmoqlarin o‘pib, battar sog‘inardim, Endi uni unutayin qanday qilib?
Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib, Va’dasida turmadi u, shunday qilib. Balki bir kun so‘zlarini unutarman, Ko‘zlarini unutayin qanday qilib?
Xudo, deyman, g‘amga to‘lsin yuraklari, Meni o‘ylab, ado bo‘lsin yuraklari. Birovlarni sevmay o‘lsin yuraklari... Endi uni unutayin qanday qilib?
2004
MUHAMMAD YUSUF
Yomonga o‘lim yo‘q, yaxshiga kun yo‘q, Tomiringga qo‘shib olishar uzib. Bobur yo‘q, Cho‘lpon yo‘q, Majnun yo‘q, Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.
Bir qiz yig‘lab borar, soddagina qiz, Yig‘lar kitob bilan yuzini to‘sib. Balki sevgilingiz, balki singlingiz, Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.
Uydan mozorgacha yuz odimcha yo‘l, Aylanib kelamiz yurtlarni kezib. Kimga ko‘ngil berib, kimga esa qo‘l... Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.
Tirikka mehr yo‘q, marhumga qahr, Nima topding, aka, tuproqqa tushib? Uzala tushgancha bo‘zlaydi qabr, Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.
Qizg‘aldoq bosh egib turar bag‘ri qon, Shoir yuragidan chiqqanmi o‘sib? Nega yig‘lamaysan, ahli Turkiston? Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.
2001
BUNAQASI KETMAYDI
Avval bag‘rin ochdi u, Keyin zahrin sochdi u. Bergan atirgulimni Yuragimga sanchdi u. Bunaqasi ketmaydi – Gul yarasi bitmaydi.
Bilak tashlab bo‘ynimga Kulib, kirdi qo‘ynimga Keyin dedi: Baribir – Boshqa birov o‘yimda... Bunaqasi ketmaydi – Til yarasi bitmaydi.
Shirin kulgan shumasmi? Bog‘lab olgan shumasmi? Soch silkitib, jonimga – Tuzoq solgan shumasmi? Bunaqasi ketmaydi – Qil yarasi bitmaydi.
O‘psa, netar dedilar, Yuvsa, ketar dedilar, Har qandayin jarohat – Bir kun bitar, dedilar. Bunaqasi ketmaydi – Dil yarasi bitmaydi!
2005
NIMA QILAY
Nima qilay, bargdan gul ko‘p chamanzorda O‘xshashingni topolmasam nima qilay? Gulbargicha dil bo‘lmasa sen dildorda, Yuragingni o‘polmasam nima qilay?
Nima qilay, qorako‘zim, nima qilay? Ikki olom ora o‘zim, nima qilay? Qoshlaringdan pora ko‘ksim, nima qilay? Ko‘zlaringni tutolmasam, nima qilay?
Dard berarda saxiy, baxtga xasis menga! Zardalaring, achchiqlaring laziz menga. Sen turgan joy poytaxt menga, aziz menga, Farg‘onamga ketolmasam, nima qilay?
Ne sayyodsan, ne jallodsan, ne zolimsan! Tig‘ida nur yarqiragan hilolimsan! Umidimsan, orzuimsan, xayolimsan... O‘ylab, o‘yga etolmasam, nima qilay?
Bir bandiman, senki hursan, nima qilay? Ko‘kda bo‘lsang, yerda yursam, nima qilay? Shu holimga yaxshi ko‘rsam, nima qilay? O‘xshashingni topolmasam, nima qilay?
2004
AJOYIB QIZ
Ajoyib qiz ekan-da, Qarashlari g‘alati, Kulib turib yig‘laydi, Yig‘lab turib kuladi.
She’rlarim sanasiga Qarab, otashda yongan, Meni hammadan, hatto O‘tmishimdan qizg‘ongan.
Ajoyib qiz ekan-da, Qarashlari g‘alati. Sevgimas, bu – kasallik, Tag‘in Xudo biladi.
Ismim aytib uxlagan, Ismim aytib uyg‘ongan, Meni hammadan, hatto Ayolimdan qizg‘ongan.
G‘alatiman o‘zim ham, Es-hushim yo‘q, g‘alati. O‘zim – o‘zimdamasman, Bilmayman – ne bo‘ladi.
Kerak bo‘lsa, bugunim, Ertamdan ham tonaman. Uni hammadan, hatto Xudodan qizg‘onaman.
2003
|