ISTAYSIZMI-YO’QMI

Istaysizmi-yo‘qmi, gardun aylana,
Istaysizmi-yo‘qmi, qaytib kelaman.
Sog‘inmagan ko‘zingizdan aylanay,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Oy botadi – yulduzlarning habibi,
Tong otadi, ta’nasi yo‘q samimiy.
Tabiatning qonunidek tabiiy –
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Quchog‘iga yashirmaydi xiyobon,
O‘rtamizda udum otlig‘ biyobon.
Sizga nima, kuysam o‘zim kuyaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

Chaqmoq kalit bo‘ldi qulfi dilimga,
Tegmagan bir qizning zulfi dilimga.
Sizdan o‘zga xon yo‘q mulki dilimga,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman

Boshingizda yaproq bo‘lib aytaman,
Poyingizda tuproq bo‘lib aytaman.
Tuproqdayam mushtoq bo‘lib aytaman,
Istaysizmi-yo‘qmi, sizni sevaman.

1998

YODINGDA QOLMOQCHI EDIM

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon,
Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim.
Yoningda qolishga yo‘q edi imkon,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Negadir istardim qiynalishingni,
Yuragingga kamand solmoqchi edim.
Onangga aytolmay qolsang tushingni...
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Do‘stlar kechib qo‘ygan edi bahrimdan,
Kimlardandir qasos olmoqchi edim.
Haydab chiqardilar hayotlaridan,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Alamim, hasadim, ginam tufayli,
Ehtimol ustingdan kulmoqchi edim.
Sog‘insang, o‘rtansang, yig‘lasang mayli,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Ko‘zingni ko‘zimga bermading sira,
Ishondingmi, yo‘qmi, bilmoqchi edim.
Seni ko‘p o‘yladim. She’r yozdim qara,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

1998


YOLG‘IZ

Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Nafasim – g‘animat, so‘zim – g‘animat,
Fojia – poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qatib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz...

1995


GO‘YO

Bir daraxtni ko‘rdim – mag‘rur, barkamol,
Istagan faslida gullaydiganday.
Pisandiga yaqin kelmas qor, shamol:
Durkun bargi mangu so‘lmaydiganday.

Shul daraxtning oldida xor, g‘aribman,
Yo‘l yarmiga etar-etmas horibman,
Havodan kuz hidin olib turibman,
Bahor menga qaytib kelmaydiganday.

Bir irmoqni ko‘rdim – o‘jar irmoqni,
Surib xasni, loyqa qilib tuproqni,
Tashlab ketayotir bog‘ni, o‘tloqni –
Zum to‘xtasa, sira bo‘lmaydiganday.

SHul irmoqning huzurida kim bo‘ldim?
To‘xtab qoldim, til tishladim, mum bo‘ldim.
Hasrat keldi, ko‘z yoshimga lim bo‘ldim,
Eski ko‘ngil endi to‘lmaydiganday.

Bir dilbarni ko‘rdim – qoshi qaroli,
Qoshlaridan yurak-bag‘rim yaroli,
Bo‘lsam edi xizmatkori, qaroli,
Qul bo‘lmasam, baxtim kulmaydiganday.

Shul dilbarning qoshida bechoraman,
Yuragimdan nolib, qayga boraman.
O‘zim bilan olishib ovoraman,
Men ham unga parvo qilmaydiganday.

Bir kimsani ko‘rdim, aziz yoronlar,
Firib bersa, chap berolmas shaytonlar,
Yig‘mish dunyo, qurmish turlik oshyonlar,
Go‘yo bu zot aslo o‘lmaydiganday.

Shul kimsaning yonida men nimaman,
Balki uning yukin ortgan kemaman.
Siz nimasiz? Dard so‘yladim kimga man,
Kimligimni hech kim bilmaydiganday.

2001


AYYOR QIZ

Kulib qarab, kulib ko‘zin obqochgan,
O‘rgatvolib, keyin o‘zin obqochgan,
Quchoqlasam, titrab yuzin obqochgan,
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Huv, deydi-yu, o‘ylar yostiq-ko‘rpasin,
Ko‘zda yosh yo‘q – ayaydi-da surmasin,
Eshitsinu lekin birov ko‘rmasin…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Kuydirmajon edi, qurg‘ur, sho‘x edi,
Ko‘nglim unda edi, ko‘nglim to‘q edi.
Qosh terganda yig‘lagani yo‘q edi…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Erta pishar edi qo‘qon gilosi,
Yuragimdek qop-qora qon gilosi.
Allaqachon bo‘lgan talon gilosi…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

Tengdoshini sevgan bo‘lar teng tentak,
To‘yda bildim, ancha ekan deng tentak.
O‘sha kuni sal yig‘labman men tentak…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

To‘y buzishga etarmidi jur’atim?
Un tortgani tegirmonga jo‘nadim.
Tuguniga sig‘magandir suratim…
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.

2002


ENTIKARDI…

Entikardi adirlaru dalalar,
Qizil kiygan qizdek qirmiz lolalar.
Qizil kiygan qizni yaxshi ko‘rardim,
Bilar edi tog‘alaru xolalar.

Dirillardi mendan qochib varraklar,
Varragimdan cho‘chib uchgan laylaklar.
Hurkak-hurkak titrab tunda yuraklar,
To‘lqin-to‘lqin tortar edi nolalar.

Bola edim bo‘shanggina, ko‘ngilchan,
To‘shak bo‘ldi go‘shanggaga ko‘ngilchang.
Mana, bugun bo‘yga etib o‘g‘ilchang
Senga yozgan she’rlarimni yod olar.

Mening esa qonim qaynab jo‘sh urar,
To‘lqin-to‘lqin tortib, gup-gup musht urar.
Qaytib-qaytib yuragimga bosh urar,
Sen tug‘ishing kerak bo‘lgan bolalar.

2002


BIR KUN

Bir kun kelib, qabog‘ing qirg‘oq bo‘ladi,
Ikki chashming – ikkita irmoq bo‘ladi,
Kiprigingdan dilda mavj – titroq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man dengiz bo‘laman.

Bir kun kelib, barmoqlaring shox bo‘ladi,
Tirnoqlaring bittadan yaproq bo‘ladi,
Besamar bosh qo‘yganim – tuproq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man ildiz bo‘laman.

Bir kun kelib, chor atrof chorbog‘ bo‘ladi,
Oyday to‘lib, olmalaring oq bo‘ladi,
Devoringga epkin urgan – oh bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man olis bo‘laman.

Bir kun kelib, ayriliq adog‘ bo‘ladi,
Tog‘ni quchib, ko‘zyosh to‘kkan – tog‘ bo‘ladi.
Sening umring dunyodan uzoq bo‘ladi,
O‘shanda ham bitta man yolg‘iz bo‘laman.

1995


TILLO ZANJIR

Bo‘yningizga tillo zanjir solgan kim?
Tillo zanjir solib bog‘lab olgan kim?
Qaysi baland qo‘rg‘onlarning gulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

Mohitobonmisiz bulutga tutqun?
Yoki jayronmisiz burgutga tutqun?
Yoki soyning ermagi – sumbulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz?

Yo jilg‘asiz o‘zanidan adashgan,
Yo yulduzsi nogoh erlarga tushgan,
Yoki qora qismatning bir qulisiz?
Kulsangiz ham bunchalar qayg‘ulisiz.

Men-ku hasrat, qayg‘ularga ko‘nganman,
Hammasini she’rlarimga ko‘mganman.
Qaysi shoirning ezilgan dilisiz?
Kulsangiz  ham bunchalar qayg‘ulisiz?

1998


KUYGANYORDA YOZILGAN SHE’R

Meni yomon ranjitding,
Sendan qattiq xafaman.
Lekin sendek kuydirgi
Qizni qaydan topaman.

Sevgi, sevgi, der ekan,
Sevgi dilni er ekan.
Qizga mehring berguncha
Muzga bag‘ring ber ekan.

Buloqdek qaynab yotsam,
Sochingni o‘ynab yotsam,
Hech kim xalal bermasa,
Ko‘zingni o‘ylab yotsam.

Yuragingni kuydirgan
Sevgi – qizilcho‘g‘ ekan.
Yashnar ekan uf tortsang.
Puf deganda yo‘q ekan.

Azob chekkin, ataylab
Qo‘lingdan suv ichmayman.
Ko‘ylagimning tugmasi
Botmasin, deb quchmayman.

1998


HUZUR

Qalampirga qo‘shib eyman holvani,
Ajrata bilmayman misni tilladan.
Qo‘limga uraman doim bolg‘ani,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Suv ichsam ko‘zimdan toshadi darrov,
Yig‘lasam, holimga o‘zim kulaman.
Yo‘q joydan yo‘limda yarataman g‘ov,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Yayrayman tepkilab, toptab dilimni,
Siz bog‘dan kelsangiz, chohdan kelaman.
Eng zarur pallada tishlab tilimni,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Yaramni ko‘chirib sepaman tuzni,
Eng ko‘rimli joyga surat ilaman.
Kun bo‘yi ataylab o‘ylayman sizni,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

Bir so‘zning quliman, bir kalomga zor,
Siz menga achinmang, shafqat tilamang.
Menga ozor bering, azizim, ozor,
Jonimni og‘ritib huzur qilaman.

1998


SENI SOG‘INIB

Qorako‘z qaldirg‘ochoyimsan o‘zing,
Ko‘ksim ayvon bo‘ldi seni sog‘inib.
Ko‘zimdan bir lahza ketmadi ko‘zing,
Ko‘zim giryon bo‘ldi seni sog‘inib.

Ko‘changdan kechalar o‘tganim pinhon,
Kelmasingni bilib kutganim pinhon,
Oyu yulduzlardan tutganim pinhon,
Ishqim doston bo‘ldi seni sog‘inib.

Jonimga tig‘ urib qiynaydi sog‘inch,
Keyin tig‘ sug‘urib qiynaydi sog‘inch.
Xayrlashmay turib qiynaydi sog‘inch,
Yuragim qon bo‘ldi seni sog‘inib.

Belgisiz xilxona, ko‘hna mozorni –
Mozorki, qarovsiz xarobazorni
Eshitganing bormi, ko‘rganing bormi?
Dilim vayron bo‘ldi seni sog‘inib.

Sargardonlik majnun-layliga edi,
Bizniki faqat gul sayliga edi.
Olisda bo‘lsang ham mayliga edi,
Bog‘im xazon bo‘ldi seni sog‘inib.

Netay, peshonamda shu dard bor bo‘lsa!
Qaniydi bu dardga xaridor bo‘lsa...
Seni tanlarmidim, ixtiyor bo‘lsa!
Holim yomon bo‘ldi seni sog‘inib.

2004


O‘ZBEK

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar enasoylaring, o‘zbek.

Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun ko‘rding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.

Dili qonga to‘lib, ko‘zlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qayg‘umiz yo‘q boladan boshqa…»
Bolangga bog‘lidir o‘ylaring, o‘zbek.

Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qo‘noq bilgan el,
Yovga so‘qmoq bo‘lgan ko‘ylaring, o‘zbek.

Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka bo‘lgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan o‘rda, qasrlar…
Qumdan qorilganmi loylaring, o‘zbek.

Dil qo‘zg‘alsa, elni to‘xtatib bo‘lmas,
Sel qo‘zg‘alsa, gilni to‘xtatib bo‘lmas,
Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas,
Tig‘ bo‘ldi har bitta mo‘ylaring, o‘zbek.

Bo‘yningdan ketgan yo‘q hali dor izi,
Qo‘y, qora kunlarning o‘chsin qorasi!
Sen borsan – temurning ulug‘ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, o‘zbek.

Katta qishloq ekan parij, london, rim,
Dalamni sog‘inib ezildi ko‘nglim.
Dunyo go‘zali – sen, qadoqqo‘l singlim,
Go‘zaldir o‘ngigan ko‘ylaging, o‘zbek.

Haftalab yo‘l qarab sarg‘aymas kumush,
Tog‘ni tolqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi davonga boqib alpomish,
Tog‘larni qo‘pordi yoylaring, o‘zbek.

Qo‘lingni ko‘zimga suray, otajon,
Yoningda ul bo‘lib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni ko‘ray, otajon,
Sovimasin qo‘lda choylaring, o‘zbek.

Onajon, havoli bog‘lar muborak,
Handalak band bergan chog‘lar muborak,
Kelin yuzidagi dog‘lar muborak,
Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, o‘zbek.

Sumbula – to‘kinlik, to‘ylar mavsumi,
Bir qo‘zg‘alib olar bog‘bonning xumi.
Asli, bir satrdir she’rim mazmuni:
To‘ylarga ulansin to‘ylaring, o‘zbek!

2004


SO‘ROQ

Qoshlaring kamon deymi,
Yuragim nishon deymi,
Kipriging paykon deymi,
Jigar-bag‘rim qon deymi,
Ko‘zlaring cho‘lpon deymi,
Ko‘zlarim giryon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Tunda qo‘ling axtargan
Qo‘limdan so‘zlasammi,
Ko‘zyoshlarim quritgan
Gulimdan so‘zlasammi,
Faqat senga eltuvchi
Yo‘limdan so‘zlasammi,
Nigohing qaratgani
O‘limdan so‘zlasammi,
Jon deymi, jonon deymi,
Bu nechuk hijron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Eshigingdan ichkari
Jannatligin aytaymi,
Har qadaming mo‘‘jiza
San’atligin aytaymi,
Tabassuming olamga
Minnatligin aytaymi,
Sensiz yashashning o‘zi
Mehnatligin aytaymi,
O‘zingga oson, deymi
So‘zimga ishon, deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Bu benavo ko‘ngilning
Navosidan so‘ylaymi,
Har oshiqning yolg‘izlik
Da’vosidan so‘ylaymi,
Yoki isming yukidan,
Ma’nosidan so‘ylaymi,
Zamonaning Kumushi
Ra’nosidan so‘ylaymi,
Bu o‘zga zamon deymi,
Bu boshqa doston deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sevgidan yana boshqa
Qayg‘udan gapirsammi,
G‘ubor va hovur bosgan
Ko‘zgudan gapirsammi,
Ertakchini qo‘rqitgan
Mavzudan gapirsammi,
Ochlikdan gapirsammi,
Uyqudan gapirsammi,
Kaftlarim qalqon deymi,
Gaplarim tolqon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sensiz sendek beparvo
Kezlarimni kuylaymi,
Atirgulga bo‘y bergan
Hislarimni kuylaymi,
Maysa boshga ko‘targan
Izlarimni kuylaymi,
Sen deb mendan yuz burgan
Do‘stlarimni kuylaymi,
Kuylarim – osmon deymi,
O‘ylarim – armon deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

Sochlaring rayhon deymi,
Borlig‘ing bo‘ston deymi,
Zulfing parishon deymi,
Bir taraf Qo‘qon deymi,
Bir yon Andijon deymi,
Hamma el hayron deymi,
Munis, mehribon deymi,
Rostimni yolg‘on deymi?

2000


XUDOGA SOLDIM

Uning qovog‘idan boshimga yoqqan
Qorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.
Qonimni qaynatib, jonimni yoqqan
Korini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

O‘sha-ku xor kelsa toptagan tikka,
O‘sha-ku zo‘r kelsa darrov bosh bukkan,
O‘shaning Mashrabu Xallojga tikkan
Dorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Yulduzlar sayriga tortar sanalar,
U hamon urug‘ deb sochar kanalar,
Sillasi qurigan buva, enalar
Zorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Shudir el haqidan qasrlar qurgan,
Asli-ku, non urgan, asli Haq urgan,
Uning alohida qatorda turgan
Norini Xudoga soldim-da qo‘ydim. 

So‘rasang, iblisga taqalar nasli,
Xoinlik – hunari, kazzoblik kasbi,
Dunyoni yutmoqqa shay turgan nafsi –
G‘orini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Alamim tog‘cha bor, mayda dard emas,
Garchi qasd olmagan yigit - mard emas,
Lekin Xudoyimga yordam shart emas,
Barini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

2001


DARD

Qaydan kelayotir uyur-uyur g‘am,
Qaydan ko‘chayotir palaxsa hasrat?
Qaydan yog‘ayotir shirg‘oqdek alam,
Qaydan sizayotir laxta-laxta dard?

«Milt» etgan shu’la yo‘q, «yilt» etgan uchqun,
Vahima suzadi bahri muhitda.
Og‘rigan chol kabi ruhiyat tushkun,
O‘limni kutgandek og‘ir sukutda.

Bunday chog‘ do‘st bekor, janona bekor,
Faqat g‘ussalarni toshiradi may.
Tuyg‘ularni ermak qilgan kabi tor,
Suyagingni teshib o‘yin qilar nay.

Vaqtiki, yorishar charxpalak olam,
Jilva qilar ruhing – yog‘du tushgan gard.
Ammo qayga ketar uyur-uyur g‘am,
Ammo qayga singar laxta-laxta dard.

2002


KO‘RINADI


Men muhit tomonga yuzimni bursam,
To‘rt fasl bir joyda jam ko‘rinadi.
Bunda baxti qaro kuylaydi hurram,
Baxti raso dilda g‘am ko‘rinadi.

Qarasam, beshikdan tobutga qadar,
Birov umr so‘rar, yana birov – zar.
Berganga bittasi ko‘pdir, birodar,
Olganga mingtasi kam ko‘rinadi.


Uzoqni ko‘zlagan otliqni ko‘rdim,
Qismati eshakka bog‘liqni ko‘rdim,
Muhabbatdan dili dog‘liqni ko‘rdim,
Kulsa ham ko‘zida nam ko‘rinadi.

Atirgulim manim, nozlik atirgul,
Tikonlari yumshoq, nozik atirgul,
Umri yarim bahor – yozlik atirgul,
O‘z husnidan boshi xam ko‘rinadi.

Besamar arzlarda umri hazonlar,
Befoyda bahslarda umri hazonlar,
Behuda darslarda umri hazonlar
Qoshida ming yillik sham ko‘rinadi.

Quyoshing shundadir, oying shundadir,
Zuvalang – qorilgan loying shundadir,
Shunda qolajaksan – joying shundadir,
Yonginangda Iqbol ham ko‘rinadi.

2000

 

[Bosh sahifa] [Bunchalar...] [bir] [ikki] [uch]

Hosted by uCoz