OG‘RIQ

Qilich navdalarning shaffof qini bor,
Olov tebranadi ulkan loladay.
O‘t kabi isyonkor, qordek beg‘ubor –
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Qo‘zilar zamharir maysani toptab,
Og‘zining hovurin kavshaydi tinmay.
Ming jumboqni echar, qo‘llarin toblab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Cho‘g‘lar chirsillaydi, olov yonboshlab,
Qiyiqko‘z bolaga tegishar atay.
Zuhroda sayr etar, qo‘ylarni tashlab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Bugun ko‘kragimda simillar og‘riq.
Bugun qo‘llarimda parchalangan nay.
Men sizni sog‘indim hammadan ortiq,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Manxus davralarda davrlar surdim,
Qasamlar ichdimu ichaverdim may.
Oydin lahzalarni siz bilan ko‘rdim,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

Siz meni chaqiring, qiynalib ketdim,
Siz meni chaqiring, o‘zimga qaytay.
Chaqiring, yurakka harorat yetsin,
Gulxan atrofida uchta bolakay.

1992

UYG‘ONISH

Huvillagan dunyo, huvillagan qalb,
Na quvonch, na rayhon, na g‘am, na yalpiz...
Qip-qizil qumlarni kechdim yuz yillab,
O‘zim bilan o‘zim yashadim yolg‘iz.

Bir kuni oy bilan tillasha turib,
His qildim yuragim og‘irligini.
Ko‘klam sellaridek qonim gupirib,
Angladim yashashim zarurligini!

Osmonni quchoqlab yotganim tunda
Muhabbat, oy kabi kirding yodimga.
Bulutlar oqquvga aylandi zumda,
Yulduzlar to‘pillab tushdi yonimga.

Elkamda elkanday qanot barq urdi,
Bir go‘zal qush bo‘ldim ertakdagiday.
Yovvoyi yoshlikda azot hayqirdim –
Titradi koinot etaklari-da!

Titradi koinot etaklarinda
Kirpidek g‘ujanak bo‘lgan olamlar,
Quyosh tig‘in charxlab elkalarida
Qip-qizil qum kechib yurgan odamlar...

Yumshoq shamollarni qo‘zg‘atib uchdim,
Kahkashon – shiddatim qoldirgan oq iz.
Sening olamingga boryapman, kutgin,
Osmonni quchoqlab yotgan g‘amgin qiz!..

1988

YOLG‘IZMAN

Qorako‘z turnalar Qo‘qonga qaytar,
Giyohlar yugurib kelar olisdan.
Mening turnam qani?
Giyohim qayda?
Yolg‘izman...

Uchar likopchada – sirli tayyorada
Do‘st izlab kelishar qay bir yulduzdan.
Men esam butun boshli sayyorada –
– Yolg‘izman...

Do‘stlar eshigimni yuz bora qoqar,
Eshik qoqmay kirar maktub
bir qizdan.
Goho jonga yoqar,
goho jonni yoqar...
Yolg‘izman...

Onam tinmay menga kelin tanlaydi,
men bo‘lsam yolg‘izman muhabbat qadar.
Kim meni tushunadi?
Kim meni anglaydi?
Yolg‘izman-da, nima qilay, birodarlar!..

1990

FARG‘ONACHA
Muhammad Sharifga

Sohibjamol sohibdilim, muncha sitam ayladilar,
Makr birlan, qahr birlan ko‘zimizni boyladilar.
Bizni suyib – suymadilar, ozod qo‘yib – qo‘ymadilar,
Dilimizni barmog‘ida olma kabi o‘ynadilar,
Kuyib-kuyib qolaberdik kiyiklarning orasida,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Yor-ey, dedik, boshimizni yorib o‘tdi yor qamchisi,
Oyog‘ining tirnog‘iga tomib o‘tdi qon tomchisi.
Qonimizga qonib o‘tdi turnalarning arg‘amchisi,
Qizil guldek yonib ketdi turnalarning aldamchisi.
Tabassumni xalqa yanglig‘ taqib qushning sarasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Shahr otlig‘ sahrolarda qo‘ng‘iroqlar sasin kutdik,
Dahr otlig‘ daryolardan muruvvat kemasin kutdik,
Zahr otlig‘ havolardan atirgullar isin kutdik,
Sabohat elchisin kutdik, jarohat emchisin kutdik.
Biroq etdik boshimizga, volidamiz nolasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Xoqon edik, qalqonimiz go‘daklarga ermak bo‘ldi,
Sulton edik, davronimiz o‘zimizga ertak bo‘ldi.
Balokash yor lashkalari ming-ming bo‘ldi, lak-lak bo‘ldi,
Biz shams kabi yerga botdik, ul oy esa yuksak bo‘ldi,
Omon yursak bo‘lmasmidi davlatlarin soyasida,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga.

Biz oh ursak, har oshiqdan ko‘ra oshiq ohimiz bor,
Ko‘ylagining shamolidan samolarda xokimiz bor.
Ko‘nglimiz yo‘q, dog‘imiz bor, dog‘i yo‘q dilxohimiz bor,
Gunohkormiz, ko‘ngil berdik, endi tan olmog‘imiz bor,
Qalbimizni qayta bersin, tashlasin ostonasiga,
Buncha jafo qilmasalar begonaning bolasiga!

1993

DASHTDA

Bu yerdan oh urib o‘tgan Go‘ro‘g‘li,
Bu yerdan ot surib o‘tgandir Namoz,
Bu yerga qismatning uchta zo‘r o‘g‘li
Piyoz ekyapmiz,
piyoz!

«Qarg‘ish tekkan yer bu!» – degan Xudoyor.
Faqat oy tunlari chodirin tikkan,
Faqat biz – uch og‘a-ini har bahor
Piyoz ekkanimiz
ekkan.

Tirik-chilik...
O‘zingizga ma’lum buyog‘i.
Rizqi ro‘z degani –
titilgan to‘rva.
Do‘konda falon pul paxta yog‘i...
Piyoz bo‘lsa,
qozonda sho‘rva.

Bu yerni suv o‘gay singil sanaydi
Shabada yurmaydi –
tiladi tikan.
Men akamga,
bolam qo‘lga qaraydi...
Piyoz ekkanimiz
ekkan.

Bu yerdan ot surib o‘tmaydi Namoz...

1987

XAZONDEK SOCHILDI NECHA BOR TAQVIM

Xazondek sochildi necha bor taqvim,
Yurak ham to‘kildi yaproqqa o‘xshab.
Shamolda sovrildim, soylarda oqdim,
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Zulfing qo‘ng‘irog‘i barmog‘imdandir,
Dudog‘ing gullatgan – birinchi bo‘sa.
Endi u kunlarga etmoq gumondir,
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Seni quchib uxlab, yana tushimda –
Ko‘rib uyg‘onardim sog‘inib, qo‘msab.
Meni mendan o‘zga inson tushunmas...
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

Kun sayin oramiz olis va olis,
Balki kutarsan ham xazonlar to‘shab.
Sen hamon tiriksan, men esa yolg‘iz...
Sen hamon o‘shasan, sen o‘sha-o‘sha.

1992

DUNYO

Dunyo – chechan kampir. Ohista
Quyoshni chuvatib, qo‘lqop to‘qirdi.
Kuz edi. Izg‘irin izg‘irdi pastda,
Ettinchi qavatda o‘qirdik.

Dunyo - qishloqi chol. Hassasi bilan,
Cho‘g‘ istab titkilab o‘ltirardi kul.
Ettinchi qavatda kun chiqdi birdan –
Ettinchi qavatga kirib keldi Gul.

Dunyo – keksa olim. Qoshlarin o‘yib,
Hijjalab, sharhlardi Mirzo Bedilni.
Gul keldi. Sochildi firdavsning bo‘yi,
Bahor isi tutdi xona va dilni.

Dunyo – nigohini yo‘qotgan tolib,
Dunyo etti kunda esidan ozdi.
Yotoq devoriga chiziqlar tortib,
«Iqbol+Gul» deya yozdi!

Dunyo – sochlarini parda etgan qiz,
Hijob orqasida kulgani-kulgan.
Kulgan sayin badar ketaverar kuz,
Kulgan sari o‘zi chulg‘anar gulga.

Dunyo – yashin tushib, yonayotgan sham,
Kitob sahifasin ashklari bosdi,
Hattoki, baholar daftariga ham
«Iqbol+Gul» deya yozdi!

Dunyo – dunyoligin qiladi bir kun,
Vizillab uchadi ko‘kko‘zli yilon,
To‘ng‘izlar ko‘rsatar balchiqli turqin,
Gullar xazon bo‘lar, iqbollar yolg‘on...

Dunyo - o‘z yurtida adashgan sayyoh,
Qo‘msab, kokillarning anbar isini
Izlar Farg‘onadan Qo‘qongacha to
O‘sha olis tushning xotirasini.

Dunyo – dunyodan yuz o‘girgan darvish,
Na uyi bor uning, na borar yeri.
O‘tsa, ko‘zlariga uraverar nish
Devorga o‘yilgan eng go‘zal she’ri.

Dunyo – chechan kampir. Shoshmasdan
Bulutni tolchiviq bilan savardi.
Kuz edi. Odamlar izg‘irdi pastda,
Ettinchi osmonda yashardik!

1992

AZA

Eshilib-buralib, yulqinar uzum,
Shamaloq barg aro mo‘ltirar osmon.
Siyohrang rayhonlar yashirar ko‘zin,
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

Gezarib rangini yo‘qotgan duvol,
Bostirma ostida nam tortar somon.
Daraxtga suyanar charchagan shamol,
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

To‘proq ko‘chib ketgan, sho‘rlangan tuproq,
So‘rida yakandoz ezilgan yomon.
Xontaxta ustida sarg‘aygan yaproq...
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

Chumoli uyada parpiramas nur,
Qaldirg‘och inida loy bo‘lgan tug‘yon.
Beshiktebratarlar mahzun tebranar...
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon.

«Hech kim etolmaydi osmon toqiga...»
Tirgakka tayanar munkaygan ayvon.
Ustun bo‘lolmagan sohib haqqiga
Ustunga yuz bosib, yig‘laydi chopon...

1993

OSHIQ BOLA

Oltin qasr, tosh qasr,
O‘tdi yil, o‘tdi asr.
Yuragimni qon qilding,
Ezilib ketdi bag‘ir.

Malika, jon, malika,
Qahring yomon, malika.
Lablarimga tut og‘u,
Qolay omon, malika.

Tirnoqlaring tillodan,
Barmoqlaring halvodan.
man tamshanib o‘tarman
Achchig‘i tez dunyodan.

Meni ozod qo‘y yoki
Tironog‘ingda so‘y yoki.
Ko‘zlarim ummoniga
Sochlaringni qo‘y yoki.

Malika, jon, malika...
Mehring yomon, malika.
Lablarimga lab bergil,
Qolay omon, malika.

Tosh qasrning toshlarin
Eritmadi yoshlarim.
Ko‘ngling yumshagan bo‘lsa,
Ro‘molchangni tashlagin...

Rizvonlarga ketaylik,
Osmonlarga ketaylik.
Osmonlarga sig‘masak,
Qo‘qonlarga ketaylik!

1992

TELBA XAYOL

Hilol beshik kabi chayqaldi asta,
Gulchin darbozaga suyandim xasta.
Bugun yig‘lamasam, erta kulmasman,
Ruhimni hilolga belagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Sarpoychan daraxtlar dardim bilmadi,
Muzlagan kurtaklar bag‘rim tiladi,
Ko‘ngil bir gullagan fasl tiladi,
Ko‘ngilni quyoshga bog‘lagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

O‘rgimchak to‘rini daryoga soldim,
Tillo baliq tutib, ziyoga soldim,
O‘zimning jonimni baloga soldim.
Shu shirin jonimni saqlagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Devorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Chinorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Mozorlar oqlandi ko‘zim o‘ngida,
Bir lahza o‘zimni oqlagim keldi,
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

Barmoqlaring nozik... sochim silama!
O‘, bu tentagona orzu, bilaman.
Men hozir bolaman, o‘ksik bolaman,
Ko‘z yoshday musaffo yillarim keldi,
Oyog‘ingni quchib...
Oyog‘ingni quchib...
Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi.

1989

SEVGILIM

Sevgilim,
dilsizlar dillarimizni
Toshbo‘ron qilsalar, vayron qilsalar,
Tikanlar qoplasa yo‘llarimizni,
Sen achchiq yig‘lasang,
Ular kulsalar,

Sevgilim,
sevgini sevmagan zotlar
Qaro aylasalar oq asotirni,
(Darg‘azab pishqirsa quturgan otlar)
Go‘rdan chiqarsalar
Qorabotirni,

Sevgilim,
men jangga kiraman, jangga,
Qarog‘ingdan tiyra jola uchun ham,
Osmonni bo‘yayman qirmizi rangga
Chap ko‘ksingda majruh lola uchun ham!

Sevgilim,
Bu so‘qish og‘ir bo‘ladi,
Qonlarim oqadi, qonlari oqar,
Ana, yaralangan oy ham quladi,
Qon sachragan quyosh qizarib boqar...

Sevgilim,
yov qochar sichqon iniga,
Muzaffar botiring tin olar horg‘in.
Qilich joylanadi qayta qiniga,
U asta cho‘zilar...
Bor endi borgin!..

Sevgilim,
omondir hiylagar kampir,
U meni aldaydi, avrab-aldaydi,
Qo‘lu oyog‘imga soladi zanjir,
– Qorabotir, mana yoving, ol! – deydi.

Sevgilim,
alvido...
Etib kelmading,
So‘nggi ilinj bilan qotdi ko‘z nurim.
Muhabbat qudrati – qaldiroqqa teng,
Afsus, qaldiroqdek qisqadir umr-im-m...

Sevgilim,
lutf etmak shuncha mushkulmi?
Qo‘l cho‘zmoq shunchalar keldimi malol?
Axir, bu yolg‘on-ku, axir, tushungin,
Axir, bu – ertak-ku, axir, bu – xayol...

1990

O‘PKALANIB QARAYSIZ

O‘pkalanib qaraysiz, o‘pkalanib...
Ko‘zimning gavhari, mahzanim,
Quchmaganim, suymaganim, o‘pmaganim,
Sochlarini boshginamdan to‘kmaganim,
O‘pkalanib qaraysiz, o‘pkalanib...

Uzandimu hilolga hech etolmadim,
Etib sizga bilaguzuk etolmadim.
Samolarga talpingancha kunim kechdi,
Quyoshni ham tilla uzuk etolmadim.

Ko‘z uchida qaraysiz, ko‘z uchida...
Yulduzchalar cho‘kib yotar dil burjida.
Oy aylanar koinotning kulgichida,
Yurak erir qabog‘imning hovuchida...
Ko‘z uchida qaraysiz, ko‘z uchida...

Uzandimu qoshingizga yetolmadim.

1988

CHO‘PCHAK

Ertaga
ust-boshin qoqib Er To‘nga
Tulporiga urar egar-jabduqni.
– Biriktiray, – deydi, – yonganu to‘ngan,
Urug‘dek sochilgan urug‘ni!

Ertaga
titraydi olam etagi,
dashtlarni to‘ldirib uchadi chorlov:
– O‘-ho‘-o‘v, uxlaganing yetadi,
Turuk budunim-o-vv!

Ertaga
erlar aylanadi erkakka,
Guzarla fayziyob,
Lak-lak laylakka
To‘lar Afrosiyob.

Ertaga
ketamiz ertakka
Yoshu qari.
Quyoshga talpingan tiyrak go‘dakka
Jilmayib qaraydi solih Koshg‘ariy...

Ertaga
meniyam turtib qo‘y,
erta uyg‘onsang.

1988

OMOCH BO‘LIB TILDI OSMONNI HILOL

Omoch bo‘lib tildi osmonni hilol,
Yulduzlar potradi samo bag‘rida.
Olib qololmadim seni bezavol
Qahraton qahridan, yaxning zahridan.

Hilol to‘lib, oxir g‘ildirak bo‘ldi,
Yulduzlar changidi samo yo‘lida.
Arava obketdi bir quchoq gulni,
Meni asrolmading bitta o‘limdan...

1987
 

[Bosh sahifa] [Ismingni...] [besh] [olti] [yetti]

Hosted by uCoz