QARAM BO‘LMAS O‘ZBEK

Egasiz va oyoqosti yo‘lmas o‘zbek,
Xohlagan suv oladigan ko‘lmas o‘zbek.
Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,
Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

Vatangado, yurtfurushlar anglamaslar,
Oltinday sof hikmatlar hech zanglamaslar.
Ona hamda Vatanni-ku tanlamaslar,
Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

Borgan joyin obod qilgan Boburlari,
Mazlumlarni ozod qilgan Temurlari.
Tog‘lardan ham balandroqdir g‘ururlari,
Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

O‘g‘il-qizlar shiddati-yu shashtini ko‘r,
Birovga bosh egmaslikning gashtini ko‘r.
Yurak bo‘lsa, ringga chiqib mushtini ko‘r,
Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

Yaratgandan boshqasiga qulmas o‘zbek,
Hech kimdan kam bo‘lmagan, kam bo‘lmas o‘zbek.
Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,
Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

2005

ASRAGIL

Kapalak o‘zin urmas haroratsiz shu’laga,
Chigirtka ham jo‘r bo‘lmas begona ashulaga.
Nurdek qadim qoning bor,
Dovrug‘ing bor, shoning bor,
Bo‘y berma chalajanob yoki chalamullaga.
Qalb qo‘rg‘onin chechagi- pok niyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!

Bolasin o‘ylamagan qumursqa yo qush qayda?
Beshikning duk-dukidek yurakka tovush qayda?
O‘zbekka or ma’nodosh,
Ibo-hayo - ko‘zu qosh,
G‘urursiz Bek qaydayu ibosiz Kumush qayda?
Yuraging tumor bo‘lsin, qutlug‘ xatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!

Otasini unutgan, iblis etagin tutgan,
Kutsa xat-xabar emas, nafsiga malham kutgan,
Betizgin, salt, bejilov,
O‘ziga ham o‘zi yov,
Mushuk o‘ynagan g‘altak kabi chuvalib ketgan –
Ketgan kas-nokaslardan  qadriyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!

Manzil-marohil tayin bo‘lmasa jilmas korvon,
Hech qursa sardobaga etguncha tinmas korvon.
O‘ysiz yo‘lovchi bo‘lmas,
Maqsadsiz ovchi bo‘lmas,
Olis yo‘lni ko‘zlasa yo‘rg‘aga minmas korvon,
O‘rkach-o‘rkach g‘urur-or, hamiyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!

Bugungi kecha uchun ham ertangi tong uchun,
Osmon kumushjomida quyosh urgan bong uchun,
Yangi yurish boshlandi,
So‘nggi urush boshlandi –
E’tiqod-iymon uchun, qalb, tafakkur, ong uchun!
Qorako‘z bolaizor – jamiyatni asragil,
O‘zni, o‘zlikni, millat, milliyatni asragil!  

 2006

AYTGIL, DO‘STIM!

Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt,
Seni guldek erkalagan chaman uchun.
Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Ko‘zi qora, yuragi oq shu el uchun,
Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun,
Ulug‘ inson boshlab bergan shu yo‘l uchun,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Eldan ketib, el bo‘lganni kim biladi?
Don axtargan go‘shtxo‘rlarga em bo‘ladi.
Dil qonasa, ona tuproq em bo‘ladi,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Qachongacha qorning o‘ylab o‘tadirsan?
Qachongacha ko‘kdan chalpak kutadirsan?
Axir Vatan bitta, sen ham bittadirsan,
Aytgil, do‘stim, nima qildik vatan uchun?

Buncha bino qo‘yma zarrin choponlarga,
Saratonda yaproq bo‘lgin dehqonlarga,
Suyangani tayoq bo‘lgin cho‘ponlarga,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Hech kimdan kam emassan, kam bo‘lmagaysan,
Yerda qolsang, oftob bo‘lib kulmagaysan.
Qachon belni mahkam tortib bog‘lagaysan?
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

Shu soylardan suvlar urgin yuzingga sen,
Bir bor nazar solgin bosgan izingga sen,
Shu savolni berib ko‘rgin o‘zingga sen,
Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

2004

YANGI YIL

Qor zarrasin tutib qololmas nigoh,
Goh zarra nigohdan bag‘rim tilindi.
Qor yog‘sin – yopilsin izlaring, gunoh.
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

Qormi – kul ostida miltiraydi cho‘g‘,
Ketganlar jon uzib ketmaganlar, yo‘q!
Senga etganlar bor, etmaganlar yo‘q,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

Dehqonning uyini to‘ldir bug‘doyga,
Sabr ber miskinga, insof ber boyga.
Tinchlik, ko‘nglito‘qlik shoxu gadoyga,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
 
Qirq yilda bir yigit kelar olamga,
Yigit yuragimni ko‘mma alamga.
Yana qirq yil xizmat qilay onamga
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

Archajon, yumshatgil ignalaringni,
Kel, tashla, arazu ginalaringni.
Ko‘kka chiqay bosib zinalaringni,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

Ko‘k toqiga hilolchiroq ilindi,
Yorug‘ g‘ussalarga oshno dil endi.
Kipriklar ham oppoq, atirgul endi,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

2006

BAYRAM  ERTASI

Uzun bo‘lib yotar charchagan ko‘cha,
Ko‘ngilni g‘ash qilar kunduzgi chiroq.
Epkinda ming turli qog‘ozlar ko‘char
Va yerga yopishar yana erinchoq.

Ahyonda jimlikni buzar tramvay,
Horg‘in sudrab o‘tar bo‘m-bo‘sh qutini.
Karaxt ko‘cha bo‘ylab aylanar tinmay
Kechagi shodlikning oppoq tutuni.

Sening ko‘changda ham balki shu ahvol,
Sening buguning ham balki kimsasiz.
Sening ham qalbingda g‘ashlik va malol ...
Kecha birga edik. Kecha. Ikkimiz.

1992

ESKI DARD

Muloyim, beozor, gulgun kapalak,
Qoraqosh kapalak, durkun kapalak...
Qurtga aylanarkan bir kun kapalak,
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

Shoirgarchilikni tushunging kelmas,
Qadimda ehtimol sevgandirman, bas!
Asiring bo‘lganman, mahbusing emas,
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

Ruhimni qozonga solding – qovurding,
Umidimning latif gulin sovurding.
Qancha shohbaytlarim kulin sovurding,
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

Jon qushi hilpirab etmoqda parvoz,
Oq yulduz parpirab so‘ylamoqda roz.
Ko‘nglimga burningni suqma, iltimos,
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

Nening badaliga o‘lpon so‘raysan,
Kimsanki, betinim qurbon so‘raysan,
Suv ichida turib ummon so‘raysan,
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

Kecha sog‘lom edi, sog‘ edi yurak,
Bugun to‘nka bo‘ldi kechagi terak.
Qurtga aylanarkan bir kun kapalak.
Senga nima kerak, ayt, nima kerak?

2006

AYLANAYIN

Atrofingda aylanadi to‘rt fasl,
Gul aylanar, o‘rgiladi qor sendan.
Oy aylanar, yer aylanar muttasil,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

Tomirida gulob oqqan guloyim,
Guldek yashnab tur baxtimga, iloyim.
Meni yaxshi ko‘rarkanda xudoyim,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

O‘n oltida oqqush bo‘lding shaylanding,
Yigirmada taqdirimga boylanding.
O‘ttizingda alangaga aylanding,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

Qul podshoga borsa shohning izzati,
Podsho qulga kelsayam shoh himmati.
Neki qilsang o‘zgarmaydi qiymati,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

Hamma oshiq bugun menda jam bo‘ldi,
Ko‘zlaringni o‘psam ko‘zing nam bo‘ldi.
Qancha o‘psam yana shuncha kam bo‘ldi,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

Atrofingda aylanadi to‘rt fasl,
Gul aylanar, o‘rgiladi qor sendan.
Oy aylanar, yer aylanar muttasil,
Endi o‘zim aylanayin, yor, sendan.

2006

QANI

Ko‘nglimday bo‘sh ko‘chalar,
Farg‘ona, Mashrab qani?
Pul sochgan boyvachchalar,
Devona Mashrab qani?

Kunlar o‘tar bema’ni,
Hech kim tushunmas mani.
Ishonib sir aytgani,
Devona Mashrab qani?

Etagin tutay, desam,
Ko‘zimga surtay, desam,
Qo‘llarin o‘pay, desam,
Devona Mashrab qani?

Bitmadim shohbayt hali,
Lekin yo‘l yo‘q qaytgali,
She’rlarimni aytgali,
Devona Mashrab qani?

To‘nimni echay, desam,
Dunyodan kechay, desam,
Birga may ichay, desam,
Devona Mashrab qani?

Baxtimga teng kulfat yo‘q,
Do‘st yo‘q, yor yo‘q, ulfat yo‘q,
Yuragimda quvvat yo‘q,
Devona Mashrab qani?

2006

AZIZ

Kimga sahro aziz, kimga bog‘ aziz,
Kimga daryo aziz, kimga tog‘ aziz.
Kimdir hayvonlarni aziz tutmishdir,
Kimga muhtoj bo‘lsang, shu ko‘proq aziz.

Azizam, dardlaring azizdir menga,
Ginali xatlaring azizdir menga.
Anduh, hasratlaring azizdir menga,
Maktub qatidagi gul-yaproq aziz.

Xudo, aziz qilgin yolg‘iz bolamni,
Duosi tinmaydi munis onamning.
Qatim nur yoritib turar olamni –
Onam sochidagi tolim oq aziz.

Yurakda pok tutib mudom niyatni,
Insonlikka chorlab odamiyatni,
Ustozlar quchdilar abadiyatni...
Muhammadlar o‘tgan yo‘l, so‘qmoq aziz.

Shu oyning nurida she’r bitgan bobom,
Shu kunning qo‘rida er yetgan bobom,
Ko‘klarga termulib, yer ketgan bobom,
Menga shu ko‘k aziz, shu tuproq aziz.

2006

HIJRON

Boshim bukib qo‘yib o‘lim-azasiz,
To‘yga borgan o‘yinchidek shod hijron.
Yorsiz mazmunsizman, yorsiz mazasiz...
Balki unga begona va yot hijron.

Yer yuzida yulduzdan ko‘p bandalar,
Hammasining lablarida handalar.
Nega hadeb bitta odam tanlanar?
Nega faqat meni aylar yod hijron?

Meni xazon qilgudayin shashding bor,
Imkonimdan ming bor uzun dasting bor,
Nima qildim, menda nima qasding bor!
Sen ham go‘yo bir odamiy zot, hijron!

Hiyla qilib chiqib bo‘lmas yo‘lingdan,
Urib qochib ketolmayman qo‘lingdan.
Tutquningman, mahkumingman, qulingman,
Osgil meni, otgil meni, sot, hijron!

Toleimga yozilgani qarg‘ishday,
Boshqalarga visol oddiy bir ishday...
Men zamondan ortda qolgan darvishday...
Dod dastingdan, dod dastingdan, dod, hijron!

2006

OY VA QUYOSH KABI...

Oy va quyosh kabi izchil izma-iz
Hijron – zulmat quvib sobitqadammiz.
Birlashmoq qismatda yo‘q ekan, garchi
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Qo‘l ushlashib tushar ko‘kdan laylakqor,
Chechaklarin juftlab sochadi bahor.
Men bunda zorman, sen unda intizor,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Bizni go‘dak bilib o‘ynadi taqdir,
Ustimizdan kulib o‘ynadi taqdir.
Qo‘llaring ushlashga qo‘ymadi taqdir,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Sensiz ma’nosizman, sensiz kimman, kim?
Yarim oy bulutga berkinadi jim.
Yuragim nimtadir, ey go‘zal yarmim,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Sinov bu, deymiz-da, bu ko‘hna savdo,
Dunyoni unutsin, dedimi Xudo.
Qiyomatni kutsin, dedimi Xudo,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

2006

SUVRAT

“Eslaganda ko‘ring... Ko‘rgach eslamang...”
Imzo. Sana. Rasm – qog‘oz... Sevgilim.
Hayotdan rang ketdi va tindi ohang,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Xushbaxt kunlarimdan xotira – yodgor,
O‘zimdan qizg‘anib qarayman takror.
Baxtning soyasidan bo‘lak nimam bor?
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Na shahdu na shiddat, na jur’at qoldi,
Na ahdu na rag‘bat, na sur’at qoldi.
Tushda ko‘rgan kabi shul suvrat qoldi,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Hech qachon hech kimga etmas-ku dodim,
Etsa, inobatga o‘tmas-ku dodim.
Armon shu – suvratda qotsa hayotim,
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

Suvratdek sarg‘ayib o‘char izimiz,
Mazmunin yo‘qotib borar ismimiz.
Jismimiz yuribdi, faqat jismimiz...
Bizdan suvrat qoldi xolos, sevgilim.

2006

ZERU ZABAR…

Zeru zabar – zabar bilan zer bo‘ldi,
Yer osmonga chiqdi, osmon yer bo‘ldi.
Bog‘ni izlab chohni toptim oqibat,
Tog‘ deb borgan joyim yaydoq qir bo‘ldi.

Ochiq ko‘ngil – ochiq sandiq – elniki,
Atirgulning sarin bo‘yi – elniki.
Yelga, elga, selga ketdi meniki,
Sizning saqlab qolganingiz sir bo‘ldi.

Ko‘ngil so‘rab, ko‘ngil buzdi do‘stlarim,
Ko‘nglim so‘rab, ko‘ngil uzdi do‘stlarim,
Ko‘ngillarin engil uzdi do‘stlarim,
Barin mendan hafsalasi pir bo‘ldi.

Parilarki, dil qonidan pardozi,
Joning kuysa hamki, kelmas parvosi,
Kulim ko‘kka sochar har gal parvozi,
Ko‘zlariga boqsam, ko‘zim kir bo‘ldi.

Orziqaman eslab tandir, savatni,
O‘zim tashlab keldim shunday jannatni.
Oldim shoir degan tavqi la’natni,
Endi menga ikki dunyo bir bo‘ldi

2002

SENI DEB

Zulm qilsam har qachon o‘zimga zulm etdim,
Qaramadim sen tomon, ko‘zimga zulm etdim.
Imlasang bormadim ham, siltasang ketmadim ham,
Yerdan uzmadim tovon, izimga zulm etdim.
Zulmning lazzatini faqat mazlum biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko‘rsam rahmim keladi.

Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.
Yashil quyosh, moviy tosh, safsar ko‘z yosh oralab,
Odamning va Havvoning nafsini ko‘rgandayman.
Yuzimga suvlar urdim, yuzimga zulm etdim,
O‘zimga zulm etdim, ko‘zimga zulm etdim.

Ko‘rlar hamda karlarning o‘zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir,
Ko‘rib, tinglab turibman, o‘zim anglab turibman,
Ixtiyorimdan xorij tilaklar ixtiyordir.
Bosh bergali dor qayda, ketgali mozor qayda,
Dil yorgali yor qayda, inon-ixtiyor qayda.

Gulzoringga kirmadim, gulimni asrayin deb,
Nigohimni bermadim, dilimni asrayin deb.
Adolat, shafqat, qadr, muruvvat, insof nadir,
Ko‘zlarimdan ketmading qulimni asrayin deb,
Zulmning lazzatini faqat qullar biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko‘rsam rahmim keladi.

Dag‘al, o‘jar o‘smirni mayin etgan savdolar,
Bozorda baholarni tayin etgan savdolar,
Qorako‘z gavharidan shoda munchoqlar tizib,
Yurakni pufak qilib o‘yin etgan savdolar,
Nog‘ora qoq, nog‘ora, lunjing to‘la zog‘ora,
Eshon, xo‘ja va qora o‘yin bilan ovora.

Chumoli xirmon yoysa, siz dasturxon yozgaysiz,
Rizq axtarib kalamush inlarini buzgaysiz.
Oyni etagingizga kulchadek o‘rab olib,
Atirgulga qaldirg‘och jasadini osgaysiz.
Ko‘zning oqu qorasin oqu qora tosh qiling,
Go‘daklar sut tishidan guruch damlab osh qiling.

Baliqlarga rang bergan musavvirga qaranglar,
Bo‘yog‘i qurimagan barmoqlarin yalanglar.
Dilingiz rangin bo‘lsin, kapalak, qo‘ng‘iz qo‘nsin,
Tomoshaga kelsinlar juvonlar, yosh-yalanglar.
Hovuzda xudoyimning aksini ko‘rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman.

Har nafasda bir nafas umrim qisqarib borar,
Cho‘pchaklarga ishonib cho‘pon qiz qarib borar.
Chigal, xilvat yo‘limda pisib yotibdi ajal,
Lahza sayin pichog‘i ko‘ksimni yorib borar.
Shayton chalg‘itdi, asli senga munosib edim,
Ko‘rgin deb yuragimni loylarga bosib edim.

Ko‘klamni tinglab yotsang bug‘doy ungan tomlarda,
Bobo Mashrab nafasi kelar salqin shomlarda.
Sababsizdek tuyular bo‘g‘zingdan toshgan o‘kinch,
Simobdek ko‘char nedir yuraging tomonlarda.
Ko‘rlar hamda karlarning o‘zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir.

Chin aytsam, eshigingga suyanib, o‘lgim kelar,
Faryod chekib, o‘zimni shu joyga ko‘mgim kelar.
Sochlarim chim otsayu tomirlarim taralsa,
Boshimga oyoq qo‘yib o‘tganing ko‘rgim kelar.
Bundayin imkon qani, jon so‘ragan jon qani,
Jonimga xumor bo‘lgan ul ofatijon qani.

Otamga begonaman, onamga begonaman,
Rafiqamga raqibman, bolamga begonaman.
Do‘stlarimga dushmanman, xeshlarimga etti yot,
Senga mahliyo bo‘lgan olamga begonaman.
Qaramasdan sen tomon ko‘zimga zulm etdim,
Zulm qilsam, har qachon o‘zimga zulm etdim...
 

[Bosh sahifa] [Aytgil...] [o'nbir] [o'nikki]

Hosted by uCoz