AGAR JANNAT KO‘KDA BO‘LSA

Olisdagi  mahmadana,  eski olchoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin!
O‘zingga boq,  keyin  mayli nog‘ora qoq,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Tinchlikni deb yurak bag‘ri kuyik el bu,
YAratganning qoshida eng suyuk el bu!
O‘tmishi  ham,  ertasi  ham  buyuk el  bu,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Dala –dashtlar  o‘z-o‘zidan Eram bo‘lmas,
Lekin sendan beminnat bir karam bo‘lmas,
O‘zbek eli hech  kimsaga  qaram bo‘lmas,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Kitobingda daholarim so‘zlari bor,
Devoringda  bobolarim  izlari bor,
O‘zbek  elin  etu tirnoq do‘stlari bor,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Yaltiragan  hamma narsa emas tilla,
Hayfdir senga Naqshbanddan  qolgan salla,
Ey xudoni tanimagan chalamulla,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

Naqorat:

Agar  jannat  ko‘kda bo‘lsa, ostidadir O‘zbekiston,
Agar  jannat yerda  bo‘lsa, ustidadir O‘zbekiston!

2005

SALOM SIZGA

Xayolimdek abad ozod
sabolardan salom sizga,
Kuychi ko‘nglim kabi mahzun
navolardan salom sizga.

Men so‘z aytsam topib aybin,
mudom aksin o‘ylagaysiz.
Tosh yurakka tegib qaytgan
sadolardan salom sizga.

Jing‘il ichinda o‘grilib –
o‘grilib sayraydi bulbul,
Nolasi beadog‘, umri
adolardan salom sizga.

Nahotki bemuruvvatlik
kishini boy etur oxir,
Tabassum deb qo‘l uzatgan
gadolardan salom sizga.

Jabr ustiga jafolar
qo‘yib havolandi dilbar.
Jafolardan salom sizga,
havolardan salom sizga.

Necha dil berdimu Iqbol
necha bor tavbalar etdim.
Haqiqatdan zavqi ustun
xatolardan salom sizga.

2005

BAG‘DOD  POLVONLARI

To‘y tarqab, o‘choqqa tuproq tushdimi?
Yiqilgan polvondek yuragi qonman.
Bag‘dod kurashining gala-gashtini
Sog‘ingan odamman, xumor insonman.

Maydon qani, mardi maydonlar qani?
Bakovullar qani, farmonlar qani?
Belda belbog‘i bor polvonlar qani?
O‘zimning holimga o‘zim hayronman.

Ko‘tarib urish bor, chalish yo‘q edi,
Itarish, yoqadan olish yo‘q edi.
Halol yiqitish bor, nolish yo‘q edi.
Hasrati osmonman, dardi dostonman.

Rustam bahodirlar, To‘ra polvonlar,
O‘ktam bahodirlar, Jo‘ra polvonlar…
Ko‘zimga mo‘ltirar g‘o‘ra polvonlar,
Men esa ularga boqib vayronman.

Ichidan zil ketib, mag‘rur sirtida,
Qoshiga qor qo‘nib, qirov – murtida
Ish izlab yurgandir o‘ris yurtida…
Men bunda do‘st izlab zoru nolonman.

Erlar Shoymardonga chiqmay qo‘ydimi?
Er gapini ayol uqmay qo‘ydimi?
Yo xotinlar o‘g‘il tug‘may qo‘ydimi?
Bag‘dod teragidek titragan jonman.

Men bitta bolangman qir oshib yurgan,
O‘zi bilan o‘zi kurashib yurgan.
Hech kim yo‘q  yerlarda  ko‘ksiga urgan
Bir chala shoirman, og‘zi polvonman.

2005

G‘IYBATCHILAR, XORMANGLAR!

Salom bering va lekin
Yaqiniga bormanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

Erkaksifat xotinlar,
Xotinsifat erkaklar.
Xabari yo‘q o‘zidan,
Ko‘ringanni ermaklar.

To‘qiyvering gap-to‘rlar,
O‘zingizdan ortmanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

Pismiqlar, muloyimlar,
Ay, siz irkit jo‘jalar,
Ay, bekorchioyimlar,
Ay, bekorchixo‘jalar!

Menga qolsa barini
Birma-bir bosar edim.
Kattaroq bir asbobga
Tilidan osar edim.

Zamon ko‘tarmas lekin
Mayli, yaqin bormanglar.
Assalomu alaykum,
G‘iybatchilar, xormanglar!

2005

BORMI?

O‘n besh kunda oy tug‘adi yangidan,
It termulib uvlamagan oy bormi?
Bir yaylovda o‘tlab xachir, hangidan
Pand emagan tulpor bormi, toy bormi?

Yutsang basdir tomoqdagi luqmani,
Tayyor turar minnat tig‘in suqqani.
Menga aytchi, ay odamning tuqqani,
Beminnat bir salom bormi, choy bormi?

Maymun yerning kindigiga cho‘p soldi,
Qaldirg‘ochni chilvirilon o‘pvoldi.
Surbetlikning o‘zi davlat bo‘pqoldi,
To‘ng‘iz tumshuq botirmagan soy bormi?

Siring aytsang siri ko‘chmaydigan va
Foyda desa, o‘qdek uchmaydigan va
Do‘st deb yolg‘on qasam ichmaydigan va
Tupuk bilan iylanmagan loy bormi?

Sizga butkul topshiraman dunyoni,
Ag‘dar-to‘ntar qiling yeru samoni.
Lekin yomonlamang Iqbol Mirzoni –
Yomon ketib, yaxshi kelgan joy bormi?

2004

G‘IRROM DUNYO

El og‘zida ajib ishqim qissasi bor,
Bu qissada ag‘yorlarim hissasi bor.
Dam urmasa shamol olov gurlarmidi,
Mening dardim bilan kimning g‘ussasi bor?

Otasizlik qanday bo‘lar ekan derdim,
Odam bunga qanday ko‘nar ekan derdim,
Dod degan so‘z qaydan kelar ekan derdim,
Qo‘llarimda kulfatning tol hassasi bor.

G‘irrom dunyo aldoviga uchgan manam,
Bu dunyo deb, u dunyodan kechgan manam,
Shaytonlarning qo‘lidan may ichgan manam,
Shoirlar bosh chanog‘idan kosasi bor.

Sevgi yomg‘ir emas, ko‘kdan sochilmaydi,
Ishqsizlarga samodan gap ochilmaydi.
Endi sendan o‘zgaga lab ochilmaydi,
Lablarimda lablaringning mazasi bor.

2005

ISTAGIM

Istagim shu – qolsam edi shamol bo‘lib,
Boshginangda aylanardim savol bo‘lib.
Boshdan oyoq gulbargiga o‘rar edim,
“Nega meni sevmading?” deb so‘rar edim.

Dardu g‘amim, iztirobim, kulfatlarim –
Bosh ustimda charx uradi kalxatlarim.
Osmonlarda qolib ketgan oyqiz o‘zing,
Baxtsizligim sabachisi yolg‘iz o‘zing.

To‘yib nafas ololmayman ko‘ksim to‘lib,
Hech bo‘lmasa qolsam edi yomg‘ir bo‘lib.
Derazangga yuzlarimni urar edim.
“Nega meni sevmading?” deb so‘rar edim.

Tuzalmayman, endi odam bo‘lolmayman,
Maktub yozib sabolardan yo‘llolmayman.
Jondan yaxshi ko‘ramanu ko‘rolmayman,
“Nega meni sevmading?” deb so‘rolmayman.

2005

SINGLIMGA

“Ko‘ngil” degan so‘zga qofiya “singil”.
Singlim!
Seni desam isiydi ko‘nglim.
Yurak xinaguldek o‘ynaydi engil,
Munisginam, singlim,
anisim, singlim!

Esimda
qirovlar bog‘lagan dala,
Tumanda adashgan ikki murg‘ak jon.
Paxta jondan aziz bo‘lgan mahallar,
G‘o‘zapo‘choqdek xor bo‘lgandi inson.

Jovdirab-jovdirab turarding qaqshab,
Qo‘lchalaring kuhlab isitardim men.
Tushida gapirgan tentakka o‘xshab,
Almoyi, poyma-poy she’r aytardim men.

She’r yupanch edimi, taskin edimi,
She’r afsun edimi, afsusmidi yo?
Sakkiz yashar dilga ilhom berdimi,
Achindimi xudo, kuldimi xudo?

“Ko‘ngil” degan so‘zga qofiya “singil”.
Singlim!
Seni desam isiydi ko‘nglim.
Xirmonin ko‘tardi bugun o‘ttiz yil,
Yana Farg‘onaga boshladi yo‘lim.

Sho‘x edim, urushqoq, bezori edim,
Haydalgan paykallar tayyor jangmaydon.
Qahramonligimni sen ko‘rsang derdim,
Maqtangim kelardi senga, singiljon.

Toki sen g‘ururlan akangga qarab,
Xotirjam bo‘l, sening himoyaching bor.
Dunyo bir tarafu o‘zim bir taraf,
Yana nima kerak?
Senga ne darkor?!

Munisginam singlim,
anisim singlim,
Tuyg‘u so‘zga ko‘chsa – siyqa, bachkana.
O‘ylasam buzilib ketadi ko‘nglim,
Uni she’rga solib turibman, mana…

Senga hasratimni qanday aytayin,
Sochga qirov tushdi kuzak kelmasdan.
Yomonga yaxshilik qildim atayin,
Yaxshiga yomonlik qildim bilmasdan.

Hamma yurakka tig‘ urar albatta,
Nishon sifatida kerakman asli.
Ne qilay, yuragim o‘zimdan katta,
Odam shaklidagi yurakman asli…

Qismat kimni siylar,
kimni kamsitar,
Kim obro‘ – martaba istab ovora.
Bechora emasdir majruh kimsalar
Aslida singlisi yo‘qlar bechora!

Meni shoir qildi o‘sha dalalar,
Meni paxtazorga ko‘minglar, o‘lsam…
Kechir meni, singlim,
g‘aflatda agar
Yomon kun yoningda bo‘lmagan bo‘lsam.

Sen borsan, yonimga kelolmas o‘lim,
Men borman, kulfatlar tentiraydi xor.
Ko‘nglimga eng go‘zal qofiya singlim,
Xotirjam bo‘l, sening Iqbol akang bor!

2006

O‘YIN

Yozib yashil toppon - yaproqlarini
Daraxtlar ko‘ksimga berdilar havo.
Bahor yoqdi yashil chiroqlarini,
Muhabbat, Sizga yo‘l ochiq, marhabo!

Umrimni tikkanman g‘irrom o‘yinga,
Bilaman bor-budim yutqazishimni.
Yana qanchasini olib bo‘yinga,
Yana jonimni ham tutqazishimni.

Siz o‘ta aqlli, siz ehtiyotkor,
Tomosha qilasiz, g‘iybat qilasiz.
Qancha ehtiros bor, qanchalar shavq bor,
Siz telba tug‘yonni qaydan bilasiz!

Uchib kelgunicha qora qarg‘alar
Va sariq chiroqlar yoqilguncha to
Uzr, hayot tamom meniki bo‘lar,
Meniki bo‘ladi batamom dunyo!

2006

YURT QO‘SHIG‘I

Bobomning bayti bor yaproqlaringda,
Momomning tafti bor chorbog‘laringda.
Onamni eslatar rayhoning, yurtim,
Dadamning hidi bor tuproqlaringda.

So‘lim Xonoboddan Kiyiksoygacha
Qutlug‘ ostonadan suyuk oygacha
Chiroqlar yulduzdek porlar har kecha,
Mudom o‘t gurlasin o‘choqlaringda!

Tog‘laring bag‘rida limmo-lim tilsim,
Ming yilkim mo‘ysafid SHohimardon jim.
Sangardak qo‘shig‘in sharhlay olar kim?
Tillo qumlar o‘ynar buloqlaringda!

Mavlono Lutfiylar ulfatdir menga,
She’r lutfi eng totli suhbatdir menga
Ulug‘lar ismi ham quvvatdir menga,
Tug‘yonim - o‘ynoqi toychoqlaringda.

Bir kuychi o‘g‘lingman,bayotim o‘zing,
Tilimning ostida novvotim o‘zing,
Bag‘rim, jonim o‘zing, hayotim o‘zing,
Dil torim qalampirmunchoqlaringda.

Qizg‘aldoqzoringda ko‘milib yotdim,
Billur shabnamlarda cho‘milib yotdim,
Dunyoni unutdim, o‘zni yo‘qotdim,
Men ham vatan bo‘ldim quchoqlaringda!

2006

SHOIR

Lo‘ttivoz jo‘ralar, satang xonimlar,
Tashakkur! Hayotning fahmiga etdim!
Dalamni sog‘inib yuragim yig‘lar,
Men sizdan zerikdim. Qishloqqa ketdim!

Shoirlik urf emas hozir, bilaman,
Ne qilay, ko‘ngilni qo‘ymaydi havas.
Bugun savdogarning davri gullagan:
Pesi bo‘lsa hamki “Mers”i bo‘lsa bas!

Ivigan ipakdek chuvalar mezon,
Dimog‘ o‘rilgan o‘t hidini tuyar.
Dovon o‘ngirida jaydari dehqon
Oldimga to‘rlagan qovunni qo‘yar.

Guvala o‘choqda habashday qumg‘on
Tomog‘ini yirib qilar g‘arg‘ara.
Hijolat aralash kamsuqum mezbon
Belbog‘in to‘shaydi: noni qop-qora.

Adabiy gaplarni tushunmaydi u,
Faqatgina, rahmat, ota, deyoldim.
Dilimda uyg‘ondi tug‘ishgan tuyg‘u:
Olifta she’rlarim uchun uyaldim.

Qishloqda qo‘shqo‘llab ko‘rishar bari,
Begona hurmat bor nigohlarida.
Toraygan bo‘tanasuv ariqlari,
Ajriqlar hurpaygan qirg‘oqlarida.

Uzoqqa ketgandim o‘zimni izlab,
Behuda ish ekan, angladim, bildim.
Bir payt nazarimga kirmagan qizlar,
Iqbolim axtarib sizlarga keldim.

Siz menga ishoning, siz meni seving,
O‘ylagani qo‘rqqan o‘y – siringizman.
Erka bolasiman shu og‘ir elning,
Men sizlarning oshiq shoiringizman!

Bitta qo‘shig‘ini kuylar bedana,
Qovoqdan jonsarak izlaydi qo‘noq.
Men sizni kuylayman yana va yana,
Mayliga, desinlar: maddoh va no‘noq.

Ko‘sakqurtdek semiz, tanbal, yaltiroq
Shunday toifa bor – bo‘lganman ulfat.
Yeganda o‘z g‘amin eydilar ko‘proq,
Men ichu etim eb, chekkanman kulfat.

Mayli, omon bo‘lsin yomon bo‘lsa ham,
Shular bor, zerikib qolmaysan sira.
Faqat basharasin eslaganing dam
Ko‘ngil g‘ash tortadi, dil bo‘lar xira.

Siz zahmat farzandi, mehnat asiri,
Ukangiz, akangiz, do‘stingizman men.
Kattamning ketmonda bitgan asari,
Sizning aytolmagan so‘zingizman men.

Bugun qoshingizda dardim dasturxon,
Yuragim qovundek so‘yaman hozir.
Ming hijolat chekib, g‘o‘ra va nordon
She’rimni non kabi qo‘yaman hozir.

Ijozat, bo‘z tuproq kechayin men ham,
Bo‘yinbog‘im otib kelganman atay.
Sopol kosada choy ichayin men ham,
Kitobimni yoqib qumg‘on qaynatay.

O‘zing baho bergil, yaratguvchi el!
Sening farmoning haq, sening amring haq.
Ovozsiz, qog‘ozsiz dardlashaylik, kel,
Men sening shoiring, jabrdiyda xalq!

2006

ONA TUPROQ

Avliyolar, daholarning beshigisan,
Naqshbandlar topgan jannat eshigisan.
Tiriklikning navosi ham qo‘shig‘isan –
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Yuragimda tulporlaring dukurlari,
Qaysi yurtning bordir buyuk Temurlari?
Olovlardan omon chiqqan Semurg‘lari,
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Kimlarningdir ko‘kragida tumor bo‘lding,
Kimlarningdir kiprigida g‘ubor bo‘lding,
Gohida mard bir o‘g‘longa xumor bo‘lding,
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Asl farzand merosiga posbon bo‘lgay,
Ozod elning orzulari osmon bo‘lgay,
Bobolarim ismin aytsam doston bo‘lgay,
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Ota uyin farog‘atin bilmaganlar –
Ikkisi bir, biri ikki bo‘lmaganlar,
Tuproqtegi bo‘lib zor-zor yig‘laganlar...
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Naqorat:
Daryolarning izlarida daryo bo‘lgay,
Daholarning avlodi ham daho bo‘lgay!
Fido bo‘lsa, shu Vatanga fido bo‘lgay,
Fido bo‘lsa, shu Vatanga fido bo‘lgay!

2006                                                         

NAVRO‘Z QO‘SHIG‘I

Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,
Bir chechak kulmagan erlarni ko‘rdim.
O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Ey, kafti qadog‘u  ko‘ngli yumshoq el,
Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,
Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,
Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.
Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

2006

O‘ZBEK O‘G‘LI

Ikki daryo o‘rtasi keng dasturxon,
Tuz totgansan, tuzlig‘ingni unutma.
Dasturxonni belbog‘ qilib o‘stirgan
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

Sadarayhon bukilgani – so‘lgani,
Er yigitning egilgani – o‘lgani.
Yo‘l bermagil dushmanlarga kulgani,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

O‘zbek desam jaranglagan tor kelur,
Undan oldin nomus ila or kelur.
Burgut kelur, lochin kelur, sor kelur,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

Unutmagil nasabingni, zotingni,
Umid bilan otang qo‘ygan otingni.
Asra erta kuningni – zuryodingni,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

Bo‘shamasin zinhor yog‘och beshiging,
Qulf ko‘rmasin darvozayu eshiging.
Yig‘ilmasin supadagi to‘shaging,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

Ko‘pga kelgan kulfatlarga chap berma,
Mahmadona maynalarga gap berma.
Ko‘ngil obod bo‘lsin, sirtga zeb berma,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

Nochor qolsang nokas qo‘lini tutma,
Arslonsan-ku tulki yo‘lini tutma.
O‘zingdan o‘zgadan marhamat kutma,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!

2004
 

[Bosh sahifa] [Aytgil...] [o'nbir] [o'nikki]

Hosted by uCoz