KELADI

Qayrilib qaramay, shartta qo‘l siltab,
Elkamga to‘nimni ilgim keladi.
Yurgim kelmay qoldi tirikchilik deb,
Tiriklik ko‘yida bo‘lgim keladi.

Qattiqlashib borar kun sayin qahr,
Tikonda ham zahr, gulda ham zahr
Tirnoqqa arzimas borlig‘ing, axir,
Ko‘ksimni tirnoqlab yulgim keladi.

Yuragim oqadi Farg‘ona tomon,
Ey, achchig‘i shirin, gumoni ayon,
Sevgingga ishonib yashayman hamon,
O‘zimning holimga kulgim keladi.

Ketsam, senga eltar ja’miki yo‘llar,
Yolg‘iz seni quchsam, yuragim to‘lar.
Qanday soz, tepamda nafarmon gullar,
Sochingga ko‘milib o‘lgim keladi.

2003

AKALARIMGA

Uch bora aylandi ajal qamchisi,
Uchta yulduzimni falakdan uzib,
Bugun jigarimda uchta tig‘ izi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi,
Biri erkatoyi she’riyat bog‘in.
Birisiga mayda gaplar yot edi,
Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun.

Nazar yomon ekan, suq yomon ekan,
Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib,
Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan...
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

Ortiqcha harorat gulni so‘ldirar,
Ortiqcha suv buzar daryo qirg‘og‘in.
El sevgisi asta-sekin o‘ldirar,
Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun.

Qulog‘imda har birining so‘zi, ohangi,
Tobora bu olam qor kabi to‘zib,
Narigi dunyoga bosar posangi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

2001

DADAM

Oyday yuragimda dog‘im bor endi,
Kulfat o‘zimniki, taskin-daldam yo‘q.
Uzoqda ishongan bog‘im bor edi,
Suyangan tog‘im yo‘q – endi dadam yo‘q.

Ishim yurishmaydi, yo‘lim unmaydi,
Duo beradigan toza odam yo‘q.
Gugurtcho‘p sinadi, shamim yonmaydi,
Nuri ilohim yo‘q – endi dadam yo‘q.

Uyga kirsam o‘ksib beradi ko‘nglim,
Ko‘chada yuzimda dardu alam yo‘q.
Dada, deb chaqirsam kuladi o‘g‘lim,
O‘g‘lim, panohim yo‘q – endi dadam yo‘q.

Yoningizda menga joy yo‘qmi? Keldim.
Hammadan roziman o‘ch va ta’nam yo‘q.
Men juda olisni ko‘zlagan edim,
Netay, hamrohim yo‘q – endi dadam yo‘q.

1998

YO‘LIM BOSHQA

Bolarining ko‘nglin ko‘ring – gul tanlaydi,
Ko‘kragimda qizil gul bor – gulim boshqa.
Ko‘z yoshi ham yuzga tushsa yo‘l tanlaydi,
Hamma boshqa yo‘lda, mening yo‘lim boshqa.

Sizlar uchun unutilgan eski tushman,
Daftarlarda ismim uzra chiziq tushgan.
Aqligamas, savqiga bo‘ysungan qushman,
Ko‘zlagan manzilim boshqa, elim boshqa.

Qulog‘imdan yurakka bir sas o‘tadi,
Shitir-shitir xazon ila xas o‘tadi,
Hayot qanday yashamoqdan dars o‘tadi,
Ammo hayot boshqa ekan, ilm boshqa.

Bahorgi soy kabi jo‘shib, to‘lib olsam,
Guldurakdek samolarda kulib olsam,
Bir munosib ajal topib, o‘lib olsam,
Keyin meni yo‘qlamasa o‘lim boshqa.

1998

MEROS

Yomg‘ir loyga yoqqan zamonda,
Suvlar soyga oqqan zamonda,
Boylar boyga boqqan zamonda,
Menga qarab kulgan yo‘qchilik.

Iligini so‘rib ilkimning,
Sarg‘aytirgan guldek singlimni,
Erta ulg‘aytirgan o‘g‘limni,
Jigarimni tilgan yo‘qchilik.

Dada, balki sizni o‘limdan
Asrash kelarmidi qo‘limdan...
Siltab tortib eski to‘nimdan,
Meni etim qilgan yo‘qchilik.

Minnatli osh, bu – sochma o‘qdek,
Ich-ichingni kuydirar cho‘g‘dek.
Qorin ochu nazarim to‘qdek,
Meni aziz bilgan yo‘qchilik.

To‘g‘ri, nima kelsa – Xudodan,
Da’voyim yo‘q eski dunyodan.
Taskin shuki, Odam Atodan
Menga meros qolgan yo‘qchilik.

2001

YULDUZ

Yulduz, kechir meni, kechir, yulduzim,
Iqboling kulsa ham baxting kulmadi.
O‘zimga mahliyo bo‘ldim-u o‘zim
Ko‘nglingni olishga vaqtim bo‘lmadi.

Men senga muhtojman, intiqman, zorman,
Bilmayman, bormanmi-yo‘qmi, yodingda.
Agar aybdor bo‘lsam, yolg‘iz aybdorman –
Xudoning oldida, sening oldingda.

Kechalar yodimga tushganda ko‘zing,
Somon yo‘llarida changidi kulim.
Osmonim muattar aylagan o‘zing,
Hamishabahorim, hamishagulim!

O‘zimdan, ehtimol, seni asradim,
Bildimki, men bilan baxting kulmaydi.
Yig‘lasam, yig‘iga sig‘mas hasratim,
She’rda hamma gapni aytib bo‘lmaydi.

Yulduzni etaklab Shoshga kech kirsa,
Farg‘onajonimga oqadi dilim.
Meni unutmagin, meni kechirma,
Hamishabahorim, hamishagulim!

2003

SIYOM EGIZAKLARI

Ism boshqa xolos, jismu jon bitta,
Bir-biriga zimdan qarashar ekan,
Ba’zisida yurak, oshqozon bitta,
Shular ham goh ovqat talashar ekan.

2003

BAXT

Tashvish tashlamasin yuzingga soya,
Quvonching topmasin aslo nihoya.
Men baxtiyor bo‘lay baxtingni ko‘rib,
Menga shunisi bas, menga kifoya.

2004

SHE’RIM

Eng go‘zal mamlakat – Qo‘shtegirmonda
Mensiz oqarar tong, oqadi suvlar...
Tushlarini suvga sochadi tongda
Onhazratning
qizlaridek
suluvlar...

Meni unutolmay qiynalar qishloq,
Turnalar yig‘laydi osmonlarida.
Tovonimni qo‘msab, qabarar tuproq,
Qolarman tuproqning tovonlariga!

Og‘ilda o‘roqni sarg‘aytirar zang,
Dalalar kuzatar zarrin mezonni.
Daydi epkinlarning topgani nayrang:
Nay qilib puflaydi siniq somonni...

Eng go‘zal mamlakat – Qo‘shtegirmonda
Qon yig‘lab gulbargin to‘kadi gullar.
Ma’yus ketib borar mag‘rib tomonga
Mendan arazlagan farishta kunlar...

1988

PAXTA
Kursdoshlarimga

Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi.
Paxsali duvollar. Ismsiz qirlar.
Yulduzdek titranib uchgan ovozim,
Tizzani quchoqlab o‘qilgan she’rlar.

Olov tegrasida qaynagan o‘lan.
Yurakdek qontalash chinor yaprog‘i.
лSevsam, o‘ldirarlar. Sevmasam, o‘lam...╗
Va hisobchi qizning nigohi...

U kunlar o‘tdilar, biroq o‘ylasam
Quyosh imillaydi, kunim o‘tmaydi.
Eng mashhur hofizning qo‘shiqlari ham
O‘sha o‘lanlarga etmaydi.

Toshkentning toshlari ezar tanimni,
Toshqator yo‘llarda rizqimni terdim.
Bugun seni qancha sog‘inganimni
Hisobchi qiz, o‘zing hisoblab bergin!

Hasratlarim og‘ir, qo‘ysam sindirar
Har qanday tarozi pallalarini.
Bunda yuragimni axir kim bilar,
Kim ko‘rgan Yozyovon dalalarini?!

Olisda ismimni aytib norozi
Yerlarga egilar nonbehi shoxi.
Dala. Mezon. Qizlar. Torozi
Va hisobchi qizning nigohi...

1992

DEDI

Dedi: лO‘g‘lon, qaragin,
Zulfim suvdayin mayin.
Barmoq solib taragin,
Ketma yuzing yuvmayin!╗

Dedim: лQorasoch dilbar,
Dilimni tig‘ tilgusi.
Zulfga tegursam agar
Yuzim qaro bo‘lg‘usi!╗

Dedi: лO‘g‘lon, qoshimdan
Alhol ketmagil zinhor.
Barmoq surgil qoshimga,
Ilking tegsin ilk bor!╗

Dedim: лQaroqosh dilbar,
Qoshing qilichligi bor.
Qo‘lim yuborsam agar
Ilkim tilishligi bor!╗

Dedi: лO‘g‘lon, yuzimda
Alanga raqsi zohir.
Oy ergashar izimdan,
Izmingga olgil oxir!╗

Dedim: лMohiro‘y dilbar,
Husningni kun talashgay.
Men ne qilay, bu yuzlar
Faqat senga yarashgay!╗

Dedi: лO‘g‘lon, shoshma sen,
Nazar qilgil la’liga.
O, bilarman, tashnasan,
Kel, mayliga, mayliga...╗

Dedim: лLa’lilab dilbar,
Tiynat o‘ti etmasmi?
Labingga tegsa agar
Dudoq kuyib ketmasmi?╗

Dedi: лO‘g‘lon, sen meni
Qiynaydirsan qasdma-qasd.
O‘p, quchoqla, sev meni,
Menga joning kerakmas!╗
Dedim: лXush qol, ey dilbar,
Netay ko‘ngil to‘lmasa?
Bu ne ishq, sevib agar
Hijronida o‘lmasang?!╗

1993

O‘SHANDA

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Ismimni bilardi qayrag‘och bargi.
Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq
Kapalak haqida qo‘shiq aytardi.

O‘shanda
o‘zim ham olov edim-da,
Tushovini uzgan toyga o‘xshardim,
Akamning choponin ilib egnimga
Qirda
quyun bilan kurash tushardim.

O‘shanda
jilg‘alar chuchuk til bilan –
Erkalab, toshlarning boshin silardi.
Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan
Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Dumog‘im tuyardi laziz munglarni.
Hovuzning tubinda yolg‘iz gulimoh
O‘tli ohlar ursa, yonib tinglardim.

O‘shanda
shamolni sevardi og‘och,
Bulutlar yashardi g‘amli, o‘ksinib.
Tutundan qorayib ketgan qaldirg‘och
Suvlarga urardi qizg‘ish ko‘ksini...

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)
Dilimni bilardi majnuntol bargi.
Kaftimda yo‘q edi zig‘irdek gunoh,
Yo‘q edi kaftimning zarradek gardi –
O‘shanda men seni yaxshi ko‘rardim...

1989

SOBIQ ASKAR

Zulfi zar qizgina,
qo‘llaring o‘pib,
Ko‘zimda oynadek yaxladi yoshim.
Esladim,
kaftiga kuhlab, yer tepib,
Sibirlarda qolgan o‘n sakkiz yoshim.

лYana keling╗, - deysan nigohing bilan,
Ko‘ksimda g‘ijirlar hasratning toshi.
Eslayman,
qatora – bahaybat ilon,
Sibirlarga ketar o‘n sakkiz yoshim.

Qoshlaring kamondek tortilar tarang,
Tutdek to‘kiladi so‘nggi bardoshim.
Bilmaysan,
o‘q otish maydonlarida
Juvonmarg bo‘lganin o‘n sakkiz yoshim.

Zulfi zar qizgina,
olov qizgina,
O‘n sakkizga kirgan mitti quyoshim,
Bugun uxlatmaydi,
chaqirar yana
Sibirda adashgan o‘n sakkiz yoshim.

Keturman,
kutmagin, kelmasman qaytib.
Men, axir, yigirma uchdan ham oshdim!
Sibirda muzlaydi ismingni aytib
O‘n sakkiz... o‘n sakkiz... o‘n sakkiz yoshim...

1990

KO‘ZLARIDA

Ko‘zlarida g‘am gardidan surmalari
Uchib ketdi bu ko‘ngilning turnalari.
Ey siz mening g‘aribgina kulbalarim,
Sizni tashlab samolarga ketolmayman.

Gulyuzligim yuz noz ila burdi yuzin,
Men ko‘z yumsam, kipriklarim so‘ydi ko‘zim.
O‘z-o‘zimga azon aytib qo‘ydim ism...
Endi o‘shal zebolarga ketolmayman.

Kecha qadah to‘qishtirib hilol bilan
Gulob ichtim yolg‘iz do‘stim Iqbol bilan.
Bugun qo‘lda ikki bo‘lak safol bilan
Iqbollarga, safolarga ketolmayman.

Endi faqat sabolarni sog‘inish bor,
Elas-elas navolarni sog‘inish bor,
Olis-olis ziyolarni sog‘inish bor,
Aks o‘zimman, sadolarga ketolmayman.

Onasidan arazlagan bola kabi
Bu olamdan burilgandir mening labim.
Ey, onamdek g‘aribgina kulbalarim,
Sizdan go‘zal dunyolarga ketolmayman.

1993

RUSTAM POLVON YODI

Minoralar chir aylanib quyun bo‘ldi,
Hayot kurash emas, g‘irrom o‘yin bo‘ldi.
Farg‘onada xazon uyum-uyum bo‘ldi –
Rustam polvon yiqildi.

Kimga yotdir, yana kimga yoddir Rustam,
Men bitmagan eng shohona baytdir Rustam,
Firdavsiyning dostoniga qaytdi Rustam,
Rustam polvon yiqildi.

Oy uyaldi – berkingani bulut bo‘ldi,
Tog‘lar boshin egdi – sovuq sukut bo‘ldi.
Bag‘dod, sening yuzing endi shuvit bo‘ldi –
Rustam polvon yiqildi.

Yurtim, sening rost so‘zingdan yolg‘oning ko‘p,
Suvlaring ko‘p, suvdan ko‘ra talqoning ko‘p.
Rustaming yo‘q, endi, og‘zi polvoning ko‘p...
Rustam polvon yiqildi.

Yo‘qlov aytib men o‘zimni ovutaman,
Ko‘zyosh to‘kib, yuragimni sovutaman.
Shahar ichra metin quti – tobutdaman...
Rustam polvon yiqildi.

Yer titradi, ir titradi, yulduz uchdi,
Yulduz tegib, ulug‘minor nurab tushdi.
Rustam polvon yiqilmadi, qulab tushdi,
Rustam polvon yiqilmadi, qulab tushdi.

1991

MUQADDIMA

O‘zim har joydaman, ko‘nglim sandadir...
Muqimiy

Bizlar egiz edik – man yana ko‘ngil,
Barq urding, jonima alanga tushti,
Ko‘ngil qushdek uchti havoga engil,
Aylona-aylona alingga tushti.
Man kamand istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Yig‘ladim-yig‘ladim, osmon ho‘l bo‘ldi,
Kiprigim havoga chizdi ariqlar.
Oyu kun ko‘zimni olgan – ko‘l bo‘ldi,
Oylarni tangadek tortdi baliqlar.
Man rasan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Chorig‘imni kiydi dashtning toshlari,
Ko‘ylagimni esa tikonlar yuldi.
Man Adam istarman, qarindoshlarim, –
Desam, bosh tebratib ilonlar kuldi.
Man adan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Karbalo yuz burdi – mandan chekindi,
Avvalo jon berib begona tutding.
Alam-o, g‘am bosib bellarim sindi,
Sanam-o, san mani o‘tparast etding!
Man kafan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

Bizlar egiz edik – ko‘ngil bilan man,
Ko‘ngil nigoh etmas yoqlara tushti.
O‘ksinma, Iqbolbek, chunki azaldan –
Osmonning yuklari tog‘lara tushti,
Man vatan istarman, tan gulxandadir,
O‘zim har joydaman, ko‘ngil sandadir.

1992

BIR TO‘P KABUTAR

Hatto turmaning ham osmonlari bor,
Toshyo‘lak chokida giyohlar bitar.
Garchi tovushtutar posbonlari bor...
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Qanotlar elidan lang‘illar quyosh,
Shamollar bir nafas nafasin yutar.
Yaraqlab ketadi bir hovuch to‘ptosh,
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Simlar o‘ramida bo‘g‘ilgan havo,
Simlar o‘ramida havolar zahar.
Harir havolarni to‘zg‘itib har yon,
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

Kabutarxonaga aylanadi ko‘z,
Yurak potirlaydi, o‘ynaydi battar.
Xo‘rsiniq uchadi: O‘n... yigirma... yuz...
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar.

...Hukmingni bekor qil, taqdiri azal,
Yulduzim, uchaylik yulduzlar qadar.
Osmon buncha cheksiz, bunchalar go‘zal!
O‘mbaloq oshadi bir to‘p kabutar...

1989

EY, DIL...

Ey, dil, ne istaysiz yalang‘och ko‘kdan,
Anvor ummonida titraysiz dir-dir.
Yerga bir boqingiz – qishu yoz, ko‘klam,
Kuzlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Imkon qo‘ldan ketdi – tugadi fursat,
Yaqinlar yiroqdan qaraydi dilgir.
Ko‘zani sindirib jo‘nadi ulfat,
Do‘stlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Xayollar qo‘ymaydi o‘z holimizga –
Lo‘livachchalardek yopishqoq kir-chir.
Qanotlar bog‘lovchi iqbolimizga
Hislar unutdilar bizlarni bir-bir.

Ey, dil, o‘ksimaysiz, chekmaysiz alam,
Yerdan uzilganning jazoyi shuldir.
Endi qaytolmaysiz Farg‘onaga ham,
Izlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Qismat muhabbatni bizga ko‘p ko‘rgan...
Yig‘lamang, dunyo ham bevafo, axir.
Ming va’dalar bergan, hatto o‘ptirgan
Qizlar unutdilar bizlarni bir-bir.

1992

BIRINCHI SEVGI

To‘rt fasl bahor edi,
To‘rt taraf gulzor edi.
Sen bor eding, tilimda
Bir qo‘shig‘im bor edi:

лGulijonning ko‘zidan
Ohular uyaladi.
Kiprigini ko‘tarsa,
Osmonlar suyanadi.
Gulijonning bo‘yiga
Olamning guli etmas.
Uni olib bergali
Otamning puli yetmas...╗

Seni mendan ayirdi
Ko‘zlari kir ayollar,
Meni mendan ayirdi
Ildizi yo‘q shamollar.

Ketdi yoshlik, ketding sen,
Dil yig‘lar, dil kuyinar.
Dilda keksaygan quyosh
O‘z nuriga suyanar.

Menga, qalamqoshligim,
Qalammi kerak edi?
Tobutim to‘ldirgali
Alammi kerak edi?

Yurakkinam lim to‘ldi,
Ko‘zyoshlarim sim bo‘ldi.
Sen oylarga aylanding,
Gulijon, men kim bo‘ldim?

To‘rt fasl bahor edi,
To‘rt taraf gulzor edi.
Men boy edim, dilimda
Bir qo‘shig‘im bor edi.

1991

ALAM

Mushtimni yerga urdim,
Tog‘lar guldirab ketdi.
Mushtimni ko‘kka urdim,
Ufq hilpirab ketdi:

лMening botmon mushtim-a,
Ne qiynoqqa tushdim-a!╗

Mushtimni soyga urdim,
Tosh sapchidi baliqdek.
Mushtimni oyga urdim,
Oy sochildi tariqdek.

лMening to‘qmoq mushtim-a
Ne ko‘ylarga tushdim-a!╗

Mushtimni yo‘lga urdim,
Kulcha bo‘lib oldi yo‘l.
Mushtimni gulga urdim,
G‘uncha bo‘lib oldi ul.

лMening gurzi mushtim-a
Ne ahvolga tushdim-a!╗

Mushtimni qirga urdim,
Qirlar qochdi sudralib,
Mushtimni sherga urdim,
Mushuk bo‘ldi, suykalib...

лMening cho‘qmor mushtim-a,
Ne azobga tushdim-a!
Urolmadim do‘stimga,
Urolmadim o‘zimga...╗

1991

SARATON

Englik liboslardan voz kechdi shahar,
Elkalar yalang‘och, yalang, och ko‘zlar.
Olislarda esa suvlar sepishar
Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar.

Shahar qizg‘onmaydi xiyobonlarin,
Sun’iy ko‘liniyu qayiqlarini.
Ammo dil qo‘msaydi sokin bog‘larning
Olmalar oqizgan ariqlarini.

Shahar ko‘p narsani menga o‘rgatdi,
Hammasini sanab, aytib bo‘lmaydi.
Shu yerda suyagim va diydam qotdi,
Endi qishloqqa ham qaytib bo‘lmaydi.

Tongda derazamdan siniq nur tushar,
Ne tongkim, bugun ham namlidir ko‘zlar.
Axir tushimda ham suvlar sepishar
Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar...

1992

SODIQ CHEGACHI

Sodiq chegachining ayoli xiyonat qildi...
Chegachi cho‘loq edi,
kambag‘al edi,
befarzand edi u ustiga-ustak.

Oysuluv bo‘lsa-da ayolin ismi
suluv emas edi oydayin.
Ajab,
vafo qilmadi Oysuluv
go‘zal bo‘lmasa ham...

Uni shayton yo‘ldan urdi,
Sodiqni urdi xudo.

Oysuluv
yig‘ladi ikki bukilib...

O‘choqdagi o‘chayotgan o‘t
qizil tillarini o‘ynatib
masxara qilardi Sodiqni.
Qumg‘on
kulardi uning ustidan
sharaqlab...
– Yo‘qol... – dedi sekingina chegachi.
Ayol o‘rnidan jilmadi.
Tunda yo‘qolib qoldi Sodiqning o‘zi.
Kimdir
uning gandiraklab Bachqirariq tomon ketayotganini
ko‘rganmish...
Bir yil o‘tdi, uch yil, besh...
Sodiqning cho‘pdek ozgan,
aqldan ozgan ayoli
suvqizi kabi sochlari yozg‘in
o‘tirarmish Bachqirariq qirg‘og‘ida.
Qo‘llarida Sodiq chegachining
Kamonchasi, parmabigizi, sirachi...
лChiqing, begim, ko‘nglingizni chegalab beray,
Ko‘nglingizni bering, begim, chegalab beray...╗

1989

 

[Bosh sahifa] [O'shanda...] [to'rt]

Hosted by uCoz