KUZNI BELGILAMAS

Kuzni belgilamas bittagina qush,
Qayg‘urmang bir dona yaproq sarg‘aysa.
Hali bog‘ingizda kurtak otar nish,
Yerning hovuridek chayqalar maysa.

Tasodif deb biling ranjitgan bo‘lsam,
Payqamasdan yangi ko‘ylagingizni.
Ehtimol xayolga cho‘mganman bir dam,
Sog‘inib bahoriy bo‘ylaringizni.

Esingizda bormi?
Hech kim yo‘q edi,
Hech narsa yo‘q edi sevgidan bo‘lak.
Qornimiz muhabbat bilan to‘q edi,
Sevgimiz – boshpana, sevgimiz – ko‘ylak.

To‘pidan ertaroq uchar tentakqush,
Ertaroq sarg‘ayar eng zaif yaproq.
Fojia emasdir yolg‘iz xo‘rsinish,
Ishq sha’min o‘chirmas bittagina oh.

Ammo eslaysizmi?
Qo‘qon shamoli
Sochingizni hamroh aylagan payti
Yuzingizni ikki kaftimga olib,
Ilk bor ismingizni boshqacha aytdim.

Eslolmaysiz.
Mayli, kuyunmang zinhor,
Jovdirab osmonga, bog‘larga boqmang.
Yodimda, o‘shanda boshlangan bahor
Bitta so‘z, bitta qush, bitta yaproqdan.

1997

YUZ YUVIB

Yuz yuvib, jilg‘aga tupurganim yo‘q,
Ko‘zin berkitmadim biror buloqning.
Nega bunday qarar – nigohlari o‘q,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

Har bir muyulishda uning sharpasi,
Ostida o‘ltirar har bir yaproqning.
Har bitta qo‘shiqda kelar nafasi,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

O‘zin oshkor etmas mendan o‘zgaga,
Go‘yo men sohibi barcha gunohning.
Ba’zan kitob ichra, ba’zan ko‘zguda...
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

Ko‘zim tomiriga o‘sha qon quygan,
O‘sha sababchisi qo‘lda titroqning.
O‘sha jigarimni quzg‘undek o‘ygan,
Nima da’vosi bor ekan arvohning.

O‘sha bo‘lmasaydi, yashardim mangu,
Tinchirman yopinib olsam tuproqni.
Ko‘raman kim bilan o‘ynar ekan u...
Nima da’vosi bor ekan arvohning?

1997

SEVGI DEGANLARI

Nazokatni qaydan olgan kapalak,
G‘uvillab, nimadan so‘ylaydi kaptar?
Nimaning tasviri, ayting, kamalak?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Ne bois qizarib ketdi atirgul,
Nasimlar nelardan keltirdi xabar?
Kimning qiynog‘ida to‘lg‘onar sunbul?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Kimni kutib chatnab ketar harsangtosh,
Momogulduraklar nahot besamar?
Qanday qudrat bilan aylanar quyosh?
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

Ilon ham qovushar, garchi zahri bor,
Chayon o‘z juftiga tutadi shakkar.
Ko‘ngilning yurakdan nima farqi bor –
Sevgi deganlari yo‘q bo‘lsa agar.

1997

HILVIROQ KITOB

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim,
Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni.
Xazon to‘shgidan bir gavhar topdim:
Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi.

Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib,
Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi?
Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib:
Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi.

Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar,
Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin.
Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar:
Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi.

Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir,
Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni.
Sevgimiz bezavol yashaydi, axir –
Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi.

1997

IZIMDAN SUDRALIB

Izimdan sudralib kelaverar yo‘l,
Ro‘paramda o‘zin yerga tashlar xor.
Hamma mendan seni so‘raydi nuqul,
Hamma narsa seni kutar intizor.

Manglayi tirishar zinapoyaning,
Panjara kuylaydi misoli chiltor.
Terlab ketganini ko‘rsang oynaning...
Hamma narsa seni kutar intizor.

Meni yolg‘iz ko‘rib, ingraydi eshik,
Seskanib tushadi suvrat va devor.
Muzxona silkinib yig‘laydi – eshit,
Hamma narsa seni kutar intizor.

O‘ziga tig‘ urib qo‘ymasa soat,
Chiroq esa – tamom, qimir etmas dor.
Xontaxta sen uchun qilmoqda toat,
Hamma narsa seni kutar intizor.

Yolg‘iz men beparvo, sen menga – hech kim,
Menda na iztirob, na dard, na ozor.
Faqat boshqalarga keladi rahmim,
Hamma narsa seni kutar intizor.

1997

SHUBHA

Men bir o‘yinchoqman uning dastida,
Xohlasa – xas etar, xohlasa – tuproq.
Bu qudrat – bor bilan yo‘q orasida
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Axtarib qolaman umrimdan ma’ni,
So‘zlaganim gunoh, sukutim gunoh.
Pokiza bolaydim, aynitgan meni
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Bemalol dunyoni aldashim mumkin,
Ishongani bog‘ bor, suyangani – tog‘.
Menga dalda berib turadi tun-kun
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Do‘stu yor haqida ikkilanmayman,
Shubha yakson bo‘lar isbot kelgan chog‘.
Faqat uning yuzin bir ko‘rsam, deyman,
Mittigina shubha, mitti ishtiboh.

Shu zarra g‘ubordan bo‘lsaydim xoli,
Qalbimdan o‘chsaydi shu arzimas dog‘,
Men yashab ketardim hamma qatori...
Mittigina shubha, mitti ishtiboh...

1997

SHAVKAT RAHMON

Uchib-qo‘nib, uchib-qo‘nib shom-saharlar
Nafis san’at sahnasida poyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Kapalaklar uchmaydigan joyga ketdi.

Kim quyoshga soldi yerdan topib gavhar,
Kim ko‘ngliga shu’la istab oyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Chiroq yonib o‘chmaydigan joyga ketdi.

Chorbozorda so‘z axtarar xaridorlar,
Birov katta ketsa, birov mayda ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Yolg‘on qasam ichmaydigan joyga ketdi.

Ayollarning bandi bo‘ldi qaysi mardlar,
Qay darveshlar chog‘ir ila mayga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Tuhmat toshi tushmaydigan joyga ketdi.

Nag‘malarni bas qilinglar, endi yetar,
Qo‘llaringiz bekor dutor-nayga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Osoyishta uxlaydigan joyga ketdi.

1997

XAZONREZGI

Xazonrezgi mahal bag‘rimga
Olib kelding yashnoq bahorni.
Shivirlading quloqlarimga:
– Ayting, sizga keragim bormi?

Olislarda o‘smirlik yoshim,
Boshginangdan sochsam izhorni.
Sabring toshdi, toqating toshdi:
– Ayting, sizga keragim bormi?

Yolg‘izginam, nimasin aytay,
Seni kutib charchadim, hordim.
Sen yig‘lading, siltading qayta:
– Ayting, sizga keragim bormi?

Tomog‘imga kelmadi bu so‘z,
Bir qaysar ruh dimog‘im yordi.
Ostonadan boqding umidsiz:
– Ayting, sizga keragim bormi?

Qayg‘u qoldi ko‘zingdek mayin,
Ko‘rdim sochdek to‘zg‘in iforni.
Shivirladim mahzun jilmayib,
– Ayting, sizga keragim bormi?

1997

SHAFAQQA INGANSAN

Shafaqqa ingansan sayyor qush kabi,
Go‘yo tuproq yo‘lda yo‘qotgan tangam.
Seni eslash mumkin bir tovush kabi,
Seni unutganman. Unutganman.

Biz suygan majnuntol kesilib ketgan,
Keyin o‘tin bo‘lgan,
Keyin alanga.
Kesilgan yurakning yarasi bitgan,
Seni unutganman. Unutganman.

Esimdan chiqibdi hatto ko‘zlaring,
Qo‘llaring...
Men o‘zga qo‘lni tutganman.
Kechir, og‘ir botsa engil so‘zlarim,
Seni unutganman. Unutganman.

Muhabbat...
Kimningdir oshig‘i olchi,
Oshiq bo‘lib, xolos, zaqqum yutganman.
Qaylardadir qolib ketdi ro‘molchang.
Seni unutganman. Unutganman.

Goho dilni ezsa tiriklik yuki,
Goho to‘yganimda bu laziz jondan.
Gohida... Bir nafas... Faqat... Holbuki,
Seni unutganman. Unutganman...

1997

BU HAYOT EKAN-DA...

Bu hayot ekanda, ko‘ngil ekan-da,
Gulning ixtiyori xoru tikanda.
Men yorni xor bo‘lib sevdim, netayin,
Suv teskari ketdi menga kelganda.

Taqdir deyin desam, tahqirga o‘xshar.
Tug‘yonim – ko‘z yoshi, isyonim – xanda.
Ummon asov bo‘lsa, to‘fon ham o‘jar.
Inon-imkon bormi yurak – yelkanda?

Boshim egildimi, sindimi qaddim,
Qalamdek mo‘rt bo‘lar suyanchsiz banda.
Ehtimol, osmonni tutib qolardim,
Yorimning qo‘llari tursa yelkamda.

1997

KO‘ZLARINGGA  TERMULSAYDIM

Daralarga qamab qo‘yib bo‘ronlarni,
Tinchlatirsam yurakdagi suronlarni.
Bir erkalab, bo‘yin to‘ksam rayhonlarning,
Huzuringga men o‘zimni keltursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Umr tushdek izsiz, shitob o‘tayotir,
Umidimni yanchib, mutab o‘tayotir.
Oy iqida shoshqin oftob o‘tayotir,
Shul hajrni men vaslga yetkursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Ehromlar ham bir kun turob bo‘lar ekan,
Koinot ham to‘zg‘ib, xarob bo‘lar ekan.
Faqat sevgi mangu va sof bo‘lar ekan,
Bilganimni endi senga bildirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Ko‘z yoshlarim, shoshilmangiz, ketmang toshib,
Qon yurakka malham bo‘lar sho‘r ko‘z yoshi.
Quvonchlardan kechib, qayg‘ulardan qochib,
She’rlar aytib, yig‘latsaydim, kuldirsaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

Aytgil, hamon bormi shirin arazlaring?
Salomatmi orzularing, havaslaring.
Qulog‘imdan ketgani yo‘q nafaslaring...
Seni yana bir ko‘rishga ulgursaydim,
Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim.

1997

LAHZALIK SEVINCH BOR...

Lahzalik sevinch bor, lahzalik visol
Bosh-oyoq soz o‘tgan kunni bilmadim.
Ertaga yuragim tinar, ehtimol,
Qachon qayg‘u do‘li tindi, bilmadim.

Suvloq kechgan kabi izim belgisiz,
Izim ko‘zyoshgami, cho‘mdi, bilmadim.
Umr sovurmoqqa ruhsiz, sevgisiz –
Asov dil qaysi kun ko‘ndi, bilmadim.

Bahorda quvonchgul ekkandim, chog‘i,
Ne bois qayg‘ugul undi, bilmadim.
Qaerda adashdim, qayda gunohim?
Qaerga bosh uray endi, bilmadim.

Hur-hur shabadalar, moviy chechaklar,
Zangor oy eridi, tomdi... bilmadim.
Sertutun kunduzlar, oysiz kechalar,
Sharpalar... Bir shaffof tongni bilmadim.

Sizdan o‘tinchim shu – bir nafas tegmang,
Gina saqlamadim, kinni bilmadim.
Bir go‘zal insonni sog‘ingandekman,
Lekin sog‘inganman kimni? Bilmadim.

1999

O‘G‘LIM

Eski doridek quvvati ketgan – qadr...
Ammo hayot hamon yangi – go‘zal, o‘g‘lim.
Barmoqlaring ignadan ham ingichkadir,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Derazadan nafasingni sezib turdim,
Gunohlarim o‘ylab, ko‘nglim ezib turdim.
Oq libosdan sendan battar bezib turdim,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Tovonimdan sochimgacha uzun og‘riq,
Og‘riq bormi chorasizlikdan ham ortiq.
Senga qanday dard tegdiykin mendan ortib,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

G‘aribgina sochilmishdir o‘yinchoqlar,
Beshik bo‘ynin siqayotir ko‘zmunchoqlar.
Mittigina tuflichalar ham paypoqlar...
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

Asli, o‘zim xastaholman, o‘zim dardmand,
Faqatgina dilimda bu kasal, o‘g‘lim.
Sen sog‘aysang, men ham balki tuzalarman,
Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim.

1999

KO‘NGLINGDA NIMA BOR

Taqdirga tan kerak-ku, ammo,
Gohida o‘zimga sig‘mayman.
Ko‘nglimda bir tugun muammo –
Ko‘nglingda nima bor – bilmayman.

Bilaman kipriging har birin,
Chizaman ko‘zlaring tasvirin.
Vujuding qo‘ynimda, asirim,
Ko‘nglingda nima bor – bilmayman.

Bilaman qaysi rang yoqishin,
Nigohing aytadi xohishing.
Uyqumda taniyman tovushing,
Ko‘nglingda nima bor – bilmayman.

Bilaman, labingda boling bor,
Zulfingda necha tor tolang bor.
Bilaman, qaerda holing bor,
Ko‘nglingda nima bor – bilmayman.

Dildorim deyinmi, dilbarim,
Behuda yurakni tilganim.
Bir puldir dunyoni bilganim –
Ko‘nglingda nima bor – bilmayman.

1999

KO‘Z QORASI

Ko‘z qorasi – yurakdagi dog‘lardan,
Soch qirovi o‘tli-o‘tli ohlardan.
Men do‘stimni alqab so‘z aytay desam,
Alpomishlar bo‘zlab chiqar chohlardan.

Qancha gunoh oldimda-yu izimda,
Netay, hatto o‘zim yo‘qman izmimda:
Ruh siltanib, chiqib ketar tizgindan –
Sharob hidi kelsa kuzgi bog‘lardan.

Do‘stim, bizlar boshqa-boshqa taqdirmiz,
O‘zimizcha to‘g‘ridirmiz, haqdirmiz.
Balki kurtakdirmiz, balki bargdirmiz,
Lekin meva tilamasmiz shohlardan.

Oshiq ahli yo telba yo mast kelgan,
Suvdan sokin, maysadan ham past kelgan.
Men bilganlar bari dilshikast kelgan,
Ko‘ngil so‘rab ko‘rmaganman sog‘lardan.

Dilga kulrang soya tushar zog‘lardan,
Yo tosh ko‘char, yo sel kelar tog‘lardan.
G‘amli she’rlar yozmas edim, na qilay –
Hanuz sado kelmas Qo‘qon yoqlardan.

2001

AFSUSKI

Nima qildim koyib, taqdirdan nolib,
Bu savdolar qondan o‘tgan, afsuski.
Do‘stlar ohang to‘la yuragim qolib
Eshigimga quloq tutgan, afsuski.

Afsuski, halvoga do‘nmas g‘o‘ralar,
Toychoqqa yo‘l bermas qari yo‘rg‘alar.
Bedilning ko‘zlarin ko‘rgan qarg‘alar
Chorbog‘imda tuproq titgan, afsuski.

Afsuski, tushmadim men ham osmondan,
Yaxshidan yomonman, yaxshi yomondan.
Jon deb kechib ketar edim-ku jondan
Onamning kutgani kutgan, afsuski.

Afsuski, shabboda sudragan xasman,
Kuyim o‘zimga tan, o‘zim sarmastman,
Ko‘changizdan qaytib kuylab o‘tmasman,
Azal menga shuni bitgan, afsuski.

Afsuski, sharhi yo‘q jimligingizning,
Siz ham o‘ylarmisiz kimligingizni.
Bilaman-ku makkor shumligingizni –
Shayton bel olishmay yutgan, afsuski.

Afsuski, oldinda ko‘ngil yo‘q, dil yo‘q,
Karvon so‘ngidaman giyohu gul yo‘q.
Fojiam shundaki, orqaga yo‘l yo‘q,
Imkon qo‘ldan ketgan... ketgan... afsuski.

2001

BORGAN SARI

Borgan sari bahor tansiq tuyilar,
Borgan sari atirgullar xushbo‘yroq.
Borgan sari ko‘z yosh ravon quyilar,
Borgan sari oy tiniq va xushro‘yroq.

Sharob ichsam, tomchisini qoldirmay,
Seni quchsam, o‘psam charchoq bilmasam.
Labim qayiq kabi senda etsa sayr,
Ko‘zlarimni yashirmasdan yig‘lasam.

Borgan sari bo‘salaring totliroq,
Borgan sari qirmiziroq lablaring.
Borgan sari sokin-sokin qaltiroq,
Borgan sari shirin-shirin gaplaring.

Shudring misol izsiz ketyapti kunlar,
Visol tuni kechayotir chaqinday.
Boshimdan qor sochayotir uchqunlar,
Sezyapsanmi, so‘nggi manzil yaqinday...

Borgan sari yorug‘ tortar shamchiroq,
Borgan sari yashil va durkun yalpiz.
Borgan sari quchmoqdaman qattiqroq,
Borgan sari uzoqlashib ketyapmiz.

2001

MENI  ESLAYSANMI?

Meni eslaysanmi, oy tilib-tilib,
Qiyqimlagan baxmalim – yalpiz?
Kimni izlayapsan, chuvalchang bo‘lib
O‘rmalab ketgan ildiz?

Ninachi qanotin urgan anhorim,
Sog‘inchingdan so‘zlab ber!
Ayt, seniyam bir sog‘inganing bormi,
Sopoldek darz ketgan yer?

Dadam ekkan terak, qishning chillasida
Bag‘ring tilinmadimi?
Qishlog‘im, ko‘klamning ilk pallasida
O‘rnim bilinmadimi?

Sevgilim, hammasi tamom bo‘lgan. Goho –
Meni qiynaydi bir so‘z.
Sendan bir narsa bilmoqchiydim, ammo
Yodimdan chiqdi, afsus...

1992
 

[Bosh sahifa] [Ko'zlarimdan...] [sakkiz] [to'qqiz] [o'n]

Hosted by uCoz