MENI DESA...

Osmonimni obod qilgan qamar eding,
Balolardan saqlaguchi tumor eding.
Ko‘zlarimga mudom ko‘zi xumor eding,
Yo‘llarimni yoshing bilan yuvar eding,
Meni desa joningni ham berar eding.

Jon chekarding ozor etsa gar jonimga,
Ming aldasam, ishonarding yolg‘onimga.
Nogoh tikan botar bo‘lsa tovonimga
Tikanlarni kiprigingda terar eding,
Meni desa joningni ham berar eding.

Gulmi eding, bog‘dan o‘zim yulganmidim,
Qulmi eding, seni sotib olganmidim.
Bir kun yolg‘iz qolishimni bilganmidim...
Nechun menga hayrat ila qarar eding,
Meni desa joningni ham berar eding.

Yaproqlarga shodon-shodon so‘ylardim men,
Gulbog‘larga pinhon-pinhon bo‘ylardim men,
Seni o‘pib, begonani o‘ylardim men,
Asli menga sen hammadan kerak eding,
Meni desa joningni ham berar eding.

Yo‘qsan, seni yo‘qlab yo‘llar qaragim yo‘q,
Yurak yutib boray desam, yuragim yo‘q.
O‘zimga ham endi meni keragim yo‘q,
Meni hatto mendan ziyod sevar eding,
Meni desa joningni ham berar eding.

1995

IZSIZ KETDI

Izsiz ketdi sharqiragan anhorlarim,
Esiz ketdi gurkiragan bahorlarim,
Ko‘zlarimdan kiprik kabi to‘kildilar
Sevganlarim, dilbarlarim, dildorlarim.

Sevdim yurtning shamshodiyu archasini,
Suydim soyning sokinligi, sachrashini.
O‘nta qizni sevgan bo‘lsam, o‘rni boshqa,
Qirqta bo‘lsa, qilig‘i xush barchasining!

Men daraxtman, yaprog‘i bor, ildizi yo‘q,
Xazon quchgan tuproqdirman, gul isi yo‘q.
Osmon to‘la yulduzlarni kashf aylagan
Munajjimman – manglayida yulduzi yo‘q.

Goho gullar sochdi menga kuz-qishlarim,
Goho kullar sochdi tanish-bilishlarim.
Bugun yolg‘iz o‘ylanaman, o‘rtanaman:
Urmadimi go‘zallarning qarg‘ishlari?

Bu yo‘l menga sayr edi, sayil edi,
Sevgisiz kun – hafta edi, oy – yil edi.
Men qizlarni aldashni ko‘p istamasdim,
Qizlar o‘zi aldanishga moyil edi.

1995

AZOBLARIM
Nabijon akaga

Hilol yanglig‘ ochiq qoldi so‘roqlarim,
Yellar quvnab-quvnab titdi varoqlarim.
O‘ynab-o‘ynab to‘kildilar yaproqlarim,
Yaproqlarim birin-ketin ketaverdi,
Ketgan sari azoblarim ortaverdi.

Jilg‘a bo‘lib yetolmadim daryolarga,
Turna bo‘lib ketolmadim samolarga,
Karvon bo‘lib ko‘milmadim sahrolarda,
Karvonlarim turnaqator o‘taverdi,
O‘tgan sari azoblarim ortaverdi.

Chang tegmagan gul ko‘rmadim gulzorlarda,
Bir pokiza dil ko‘rmadim dildorlarda,
Bu dildorlar qator turib bozorlarda
Ko‘ngillarin matoh kabi tutaverdi,
Tutgan sari azoblarim ortaverdi.

Ota uyim eshigida chim bo‘lmadim,
So‘ritokni bog‘lagan bir sim bo‘lmadim,
Birodarlar, kim bo‘ldim men, kim bo‘lmadim?
Onam yuzim unutsa-da kutaverdi,
Kutgan sari azoblarim ortaverdi.

Endi, ayting, men qarimi, otam qari?
Men otamdan ko‘ra so‘nggi yo‘lga qariyb.
Dilim o‘ldi fojeamdan she’r axtarib,
Peshonamga hayot she’rlar bitaverdi,
Bitgan sari azoblarim ortaverdi.

1995

SEVGI

Yo‘g‘u borimga bois borliqsan, sevgi,
Yagona yordan yolg‘iz yorliqsan, sevgi.

Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat
Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi.

Kapalak chang chalganda sochilgan changsan,
Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi.

Momo Havo to‘ymagan havosan, harir,
Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi.

Cho‘kayotib tutganim xassan, men uchun –
Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi.

1995

ALVIDO

Alvido, ey xush xayollarim,
Sizni changday puflab uchirdim.
Hayot, sizga yo‘q savollarim,
Hayot, hammasiga tushundim.

Yengim bilan artdim yoshimni,
Ko‘z oldimdan tarqadi tuman.
Endi yurtning gulu toshini
Aql ko‘zi bilan ko‘raman.

Kechagina huv elas-elas
Yulduz mening deya o‘ylardim.
Titroq emas, qaltiroq emas,
Men qaldiroq bo‘lib kuylardim.

Yuzlarimga suv urdi samo,
Seskandimu o‘zimga keldim.
Kimligimni sezdim avvalo,
Keyin hech kimmasligim bildim.

Bu kamolmi yoki zavolim,
Quvradimmi yo qayta undim,
Hayot, sizga yo‘qdir savolim,
Hayot, gapingizga tushundim.

1995

QACHONDIR

Qachondir dovdirab turgan qulunlar,
Quyoshni ilk bora ko‘rgan qulunlar,
Tuyog‘i chalmashib turgan qulunlar
Uchqur saman bo‘pti allaqachonlar.

Qachondir urgandim unga boshlarim,
Poydevor bo‘libdi cho‘tir toshlarim.
Kulaymi-yig‘laymi, aziz dashtlarim
Bog‘u chaman bo‘pti allaqachonlar.

Qachondir osmonni ag‘darardi ham,
Dimog‘im achishdi, ko‘zga keldi nam:
Meni yelkasida ko‘targan akam –
Qaddi kamon bo‘pti allaqachonlar.

Qachondir ko‘zida ko‘rgandim yulduz,
Yuzi olma kabi tarang va qirmiz.
Menga ro‘molchasin bergan o‘sha qiz –
Rangi somon bo‘pti allaqachonlar.

Qachondir bu yerdan yuzim burib men
Yuribman, yuribman, tinmay yuribman,
Olisda holimni bilmay yuribman –
Menga yomon bo‘pti allaqachonlar!

1995

SIZGA

Kalavaning uchi yonib  kelmoqda,
Bir kuni telefon portlar xonamda.
Shumxabar kechikib kelar qishloqdan,
Ehtimol, otamdan, balki onamdan.

Tomirlarim yonar yurakka qarab,
Yurak lahzalarni sanar asabiy.
Qishloqqa kechikib borganda xabar
Izim o‘chgan bo‘lar bir kema kabi.

Har bitta qadamim sizning sanoqda,
Payqaysiz ko‘zlarim qizarsa agar.
Dilimda muqaddas hislar o‘lmoqda,
Siz bundan hech qachon topmaysiz xabar.

1995

ZERIKISH

Men boshimni o‘zim olib ketaman,
Soyda oqizaman uni, mayliga.
Faqat ayting, bormi olam etagi,
Makon bormi sizni eslatmaydigan?

Karbalo dashtida yotaman to‘zg‘ib,
Yuzimga oy kukun sepsin maydalab.
Faqat chiqmaysizmi yonimdan o‘sib,
Zamon bormi sizni eslatmaydigan?

Semurg‘ga yuragim beray yolvorib,
Taqdirgamas, yovuz qushga beray tan.
Faqat ayting, ko‘kda halovat bormi,
Osmon bormi sizni eslatmaydigan?

Meni ezmaydigan daqiqa qayda,
Kesak bormi meni kesatmaydigan.
Faqat siz chiqasiz yo‘limni poylab,
Imkon bormi sizni eslatmaydigan?

Tilimni chaynadim, o‘ydim ko‘zni ham,
Qulog‘imga urdim zaharli tikan.
Faqat kimga boray, ayting, ey odam,
Inson bormi sizni eslatmaydigan!

1995

SESKANDIM

Seskandim. Sochimning ostigacha ter,
Osmon kemshik tishin ko‘rsatib kuldi.
O‘tlarga o‘ranib qunush tortdi yer...
Tushimda eng yaqin odamim o‘ldi.

Shundog‘am bor bo‘yim shundoq g‘am edi,
Tumanlar ichida sovqotganlarim...
Mening boy berganim, nahot kam edi,
Kammidi o‘ngimda yo‘qotganlarim?

Kechagina quyun xo‘pladi-ketdi,
Bir jahon quvonchim – bir hovuch gulni.
Bu nechuk sitamu ne tahqir endi? –
Tushimda eng aziz odamim o‘ldi.

Soyda tosh sakratgan toza bolaydim,
Soy suvi sachradi – ko‘zda yosh bugun.
O‘sha toshlar qayta keldilar daydib,
U toshlar ulg‘aydi – qabrtosh bugun.

Og‘ridim – barq urgan daraxtday kuydim,
Shoxlarim dilimni tirnadi, yuldi.
Boshimga yulduzni tuproqday uydim –
Tushimda eng aziz odamim o‘ldi.

Ko‘nglimni o‘pgandi mas’um, mehribon,
Men unga sajdalar qilgandim qadim.
Azizim... Azizam... Eng aziz inson...
Faqat eslolmadim... Eslay olmadim...

1995

ESIMDA

Esimda hamma-hammasi:
Ko‘zlar. Barmoqlar. Gul. Atir...
Siz ham unutmagansiz,
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Balki ertaga olarman,
Mayliga, bitta so‘z, bir satr.
Eng muhimi, men bilaman –
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Umrim shamollarga kulgu,
Sargashta ayladi taqdir.
Adashib-adashib kelar-ku,
Maktublaringiz yo‘ldadir.

Hayotim o‘zgarar batamom,
Ko‘nglim ko‘zadek to‘ladir.
Sarhush yashaydirman hamon –
Maktublaringiz yo‘ldadir.

O‘n yil o‘tibdi. O‘n yil...
Bu menga yagona daldadir.
Har tong bir orziqib olar dil –
Maktublaringiz yo‘ldadir.

1995

DERAZA PARDASI

Deraza pardasi elkanday shishdi,
Yana seni o‘ylab ko‘nglim uvishdi.
Seni olib ketdi qaysi daryolar?
Hamrohing bo‘ldilar qanday sabolar?

Xonamga nastarin bo‘yi bo‘yladi,
Sochlari rayhonim, seni o‘yladim.
Bo‘ying to‘kildimi olis bog‘larga?
Ko‘ngling ko‘nikdimi qarg‘a, zog‘larga?

Kaptarlar bir-birin suyib o‘pishdi,
Xayolim sen tomon qush bo‘lib uchdi.
Sen nechun ketding, men nechun ketkazdim?
Qanotimga o‘zim shikast etkazdim.

Deraza raxiga boshimni qo‘yib,
O‘yladim, yomg‘irsiz o‘tdimi to‘ying?
Yig‘lamadim, faqat xo‘rsindim xolos,
Boladek jimgina o‘ksindim xolos.

1995

ALANGLAYSAN OYOQ UCHIDA...

Alanglaysan oyoq uchida,
Qiyofalar begona bari,
Bozoryo‘li – qaynoq ko‘chadan
Meni topolmaysan, dilbarim.

Men hammaga araz urganman,
Go‘yo hech kim bilmas qadrimni.
Kitob hidi bosgan hujramda
O‘zimga aytaman dardimni.

Sen – kapalak kabi beg‘ubor,
Sen – ninachi kabi o‘ynoqi.
Aldanishga tayyorsan takror,
Qanday go‘zal, toza gunohing!

Men o‘zimcha hammadan buyuk,
Men o‘zimcha hammadan xafa.
She’r o‘qiyman ovozim qo‘yib –
Yarmisi rost, yarmi – falsafa.

Alanglaysan oyoq uchida,
Hozir uchib ketgudek go‘yo.
Meni bu odamzot ichidan,
Dilbar, topa bilmassan aslo.

1996

TUBIDA TOSH DUMALATIB...

Tubida tosh dumalatib soylar o‘tdi,
Yelkasida yaraq-yaraq oylar o‘tdi.
Qamishlarning boylamida naylar o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Tuyog‘idan tillo sochib jayron o‘tdi,
Necha ko‘shki obod ko‘ngli vayron o‘tdi,
Hammasi ham bu holimga hayron o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Ro‘molini qanot qilgan pari o‘tdi,
Ko‘z uchida menga qaray-qaray o‘tdi,
Nigohlari jonimdan ham nari o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Shamol o‘tdi, bulut o‘tdi, yomg‘ir o‘tdi,
Qahratonning qadamlari og‘ir o‘tdi.
Qorabotir o‘tdi, Zuhro, Tohir o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

Bir zum qalbim darchasidan ziyo o‘tdi,
Bilmay qoldim chin o‘tdimi – ro‘yo o‘tdi,
Siz o‘tdingiz bu dunyodan dunyo o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.

1996

KO‘LANKA

Xushnud lahzalarim bo‘ldimi? Bo‘ldi...
O‘choqdan quchoqqa keldi alanga.
Paymona sharobga to‘ldimi? To‘ldi...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Xurram soniyada har bir hujayram
Atirguldek bo‘lib oqdi yurakka.
Qumrilar ovvora men uchun sayrab...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Xushbaxt onlarimni eslayman: dalda,
Ko‘milib yotibman o‘tu o‘langa.
Chigirtka bilan oy avj kelgan palla...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

Shu yerga eltadi yo‘l nihoyasi,
Shu joyda hammasi ajrar bo‘lakka.
Bu – Uning ko‘zimdan kirgan soyasi...
Qalbda esa o‘sha og‘ir ko‘lanka.

1996

XAZON SOKIN QUYILARDI

Xazon sokin quyilardi – kech kuz edi,
Ko‘nglim kuzdan abgor edi – muz-muz edi.

Nigohimdan diydiragan hashoratlar
Kechagina parpiragan yulduz edi.

Ostonadan oyoq uzib chiqib ketdim,
U ostona emas, balki ildiz edi.

Afsun tekkan kabi barcha yaqinlarim,
Qancha yaqin borsam shuncha olis edi.

Butun dunyo qarshi edi menga, ruhim –
Qilichmonand yalang‘och va yolg‘iz edi.

Zahar ichib so‘ng pushaymon bo‘lgan kabi
Bu olamdan ko‘nglim to‘la afsus edi.

1996

YETIB KELDIM

Yetib keldim, mana muhabbat yurti,
Tilimda tupukday quridi kalom.
Eshik halqasini uch bora urdim:
Assalom... Assalom... Assalom...

Men gulshan kutgandim, gulxan ko‘rindi,
Safo izlab, topdim qip-qizil sahro.
Yuzimga uch karra hovur urildi:
Marhabo... Marhabo... Marhabo...

Nahot otashgohlar orzu qilganim?
Nahot olov ichra qolarman mangu?
Ajab, huzur topdi ruh ila tanim:
Alhamdu... Alhamdu... Alhamdu...

Tanidim. Va sekin o‘zimdan kuldim,
Quling qullug‘ini qabul et, ey yor!
Afsus, besar umrim, esiz hayf umrim:
Istig‘for... Istig‘for... Istig‘for...

Xushbo‘y chechaklardan burarkan yuzni,
May, cholg‘u, qizlardan bo‘larkan judo,
Hech kim mendek shodon aytmas bu so‘zni:
Alvido... Alvido... Alvido...

1996

BIRDAN-BIR

Birdan-bir o‘ynoqi, shaffof ruh eldi,
Shakkar sovurildi bebosh shamolda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Yerda ko‘zyoshimi yo suvmi edi?
Bilmadim, lekin qor emas har holda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Qadim qonunlarni bo‘lmaydi engib,
Kim uni asragan, kim tutib qolgan?
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Mening sochlarimga bitsaydi sezgi,
Agar til bo‘lsaydi sening ro‘molda.
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

Darvoqe, bu yerga ne sabab keldim?
Na savol, na javob bor bu ayolga...
Birinchi qor kabi birinchi sevgi
Faqat osmondadir, faqat xayolda.

1996

KO‘ZIMGA ISHONMAYMAN

Soching buloq suvidek barmog‘im aro toshdi,
Vujuding shamol kabi quchog‘im aro toshdi.
Hilolni chiltor etib, kipriging chaldi cholg‘u,
Yuragim selob bo‘lib, qarog‘im aro toshdi:
Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!

Birinchi bor kuzatdim nur sirg‘alib oqishin,
Birinchi bor chaqmoqqa to‘ldirdim qiz og‘ushin.
Birinchi bor alamsiz ruhga qorishdi yog‘du.
Birinchi bor o‘zimga yoqib qoldi tovushim:
Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!

Tungi chorbog‘da anor tisirlab yoriladi,
Eng sara donalari tuproqqa qoriladi.
Dilgir yotarman tinglab, ko‘zga kelmaydi uyqu,
Nahot mudom kamoldan zavolga boriladi?
Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!

Gohi shundayki, o‘sha chog‘ni topmoq mumkinday,
O‘shanday quchmoq yana, shunday o‘pmoq mumkinday,
Yana ko‘rmoq mumkinday labingda toza kulgu,
Javobi shart bo‘lmagan go‘zal so‘roq mumkinday:
Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!

1996
 

[Bosh sahifa] [Ko'zlarimdan...] [sakkiz] [to'qqiz] [o'n]

Hosted by uCoz