TILLA UZUK

Ey qaldirg‘och qoshligim,
Kel, ahdimiz bir bo‘lsin.
Uchta odam bilgan gap
Qanday qilib sir bo‘lsin?

Tilla uzukka tilla
Ko‘z bo‘lmaydi hech qachon.
Qiz bolaga qiz bola
Do‘st bo‘lmaydi hech qachon.

Bordir saroy qurganlar,
Bordir davron surganlar.
Bormi bizdek bir tushni
Birgalashib ko‘rganlar?

Bitta qizga bir yigit
Tilla uzuk taqibdi.
Bitta dushman yigitga,
Qizga qirqta raqibdir.

Tilla uzukka tilla
Ko‘z bo‘lmaydi hech qachon.
Qiz bolaga qiz bola
Do‘st bo‘lmaydi hech qachon.

Xayolingni dugonang
Buzganini bilmaysan.
Yonginangdan menga ko‘z
Suzganini bilmaysan.

2002


MENDAN SOVIYAPTI…

Birdan ehtirosga to‘ldingiz,
Yondingiz, kuydingiz, so‘ndingiz.
Parishon, sochingiz parishon,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Men hamma qatori bolaman,
O‘zimdan zerikib qolaman.
Bilishim bilmaysiz, bilaman,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Sevgi – cho‘g‘, deydilar, o‘chgaydir,
Sevgi – o‘q, deydilar, uchgaydir,
Sevgi yo‘q, deydilar, shundaydir,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Qarshimda kundan kun so‘lg‘in, xor –
Gulga suv purkaysiz beozor.
Zarim bor, zo‘rim bor, zorim bor,
Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

Iliyapti ummon, dengizlar,
Eriyapti ming yillik muzlar.
Sovuqqina so‘zlar va ko‘zlar…
Mendan soviyapti ko‘nglingiz

2002


GUNOHLARIM

Ellar o‘chirdi chiroqlarimni,
Shamol sovurdi yaproqlarimni,
Quyun ho‘pladi gulbog‘larimni,
Bo‘ron ko‘tardi tuproqlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Ishonganlarim – sirdosh bo‘lganlar,
Suhbati shirin, dildosh bo‘lganlar,
Yo‘lning yarmida yo‘ldosh bo‘lganlar –
Qayda, kim ko‘rdi hamrohlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Jon desam, jondek jononim qani?
Har so‘zimga yuz qurbonim qani?
O‘zi – chin, so‘zi yolg‘onim qani?
Muncha xor etdi nigohlarimni,
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

Bitta gulim bor – so‘lmaydi aslo,
Mendan o‘zgaga ko‘nmaydi aslo,
Shukurki, ushlab bo‘lmaydi aslo,
Sizga ko‘rsatay barmoqlarimni
Bilmayin qoldim gunohlarimni.

2002


MUHABBAT

Muhabbat, bu – yalt etgan nigoh
Va halovat abas, degani.
Muhabbat, bu – o‘zingni sevmoq
Va o‘zgaga havas, degani.

Hayot isi kelar ismidan,
Hayotingni kessa-da zimdan,
Muhabbat, bu – kuy to‘la zindon,
Atirguldan qafas, degani.

U – quyoshdir, eta olmassan,
U – ko‘z yoshdir, tuta olmassan.
Muhabbat, bu – keta olmasdan
Jon talashgan nafas, degani.

Subhidamda kuylagan kaptar,
Esda turmas chiroyli gaplar,
Muhabbat, bu – titragan lablar,
Azr degani, araz degani.

Tarixlarni buzgan qudrati,
Yorug‘likdan o‘zgan sur’ati.
Muhabbat, bu – baxtning surati,
Baxtning o‘zi emas, degani.

2004


NAVRO‘ZGULI

Navro‘zguli, boychechagim, bormisan,
Men senga zor, sen ham menga zormisan?
Muz ichida asradim men ko‘nglimni,
Sen o‘zingni asrab, baxtiyormisan?

Omonliqsan, to‘tiyosan ko‘zlarga,
Sevgi maktubisan ma’sum qizlarga.
Suykalasan dudoqlarga, yuzlarga,
Bitta o‘zing bir butun gulzormisan?

Ninachining qanotidek barging bor,
Asal va sut bo‘yi kelar atring bor.
Qadrim bilib yo‘qladingmi, qadring bor,
Yolg‘izginam, yolg‘izlarga yormisan?

Ay, ko‘ngilni qitiqlagan erka gul!
Ay, olamni ko‘mgan orzu-sirga, gul!
Qayga desang, men ketaman birga, gul!
Sen ham mendek dardga xaridormisan?

Oy ham kulcha ko‘rinarmish ochlarga,
Bulut ko‘rpa bo‘lib zor-muhtojlarga.
Tashna dilu ruhi yalang‘ochlarga –
Birdek tansiqmisan, madadkormisan?

Jonim gulim, o‘tinaman, so‘lmay tur,
Dunyo yashnaganda hazon bo‘lmay tur.
Meni etim qilma, ketma, o‘lmay tur,
Sen ham mendek dunyodan bezormisan?

2003


BUG‘DOYSO‘Z

Bug‘doy – bu jannatiy ne’mat deydilar,
Shundan manglayingda kavsar jilosi.
Kelganda azaliy mehnatdan kelar
Jannat farog‘ati, jannat safosi.

Tuproqdek hokisor, saxiy, tanti zot,
Ushbu kun valiylar alqab turibdi.
Oriyat, hamiyat, lafz va e’tiqod
Sening timsolingda yashab yuribdi.

Dengiz tubidan dur izlagan g‘avvos,
Zuhroni ko‘zlagan shunqor fazogir
Sening qo‘lingdan rizq terganligi rost,
Ilmu amalida himmating zohir.

Mushtdek jips bo‘lsin deb qizu o‘g‘loni,
Onalar hamirni mushtlab ko‘ptirgan.
Omonlik, qut tilab Sohibqironing
Ot ustida turib bug‘doy septirgan.

Bir bog‘lam nur o‘ynar oy o‘rog‘ida,
Yulduzlar qayroqi donga o‘xshaydi.
Quyosh oltin boshoq sahar chog‘ida,
Oqshomda mag‘zi to‘q nonga o‘xshaydi.

Qaydadir kimningdir so‘nggi libosin,
Yirtmoqni hunar deb bilguvchi kaslar.
Yo‘qlik va ochlikning tavqini osib,
Dunyoga jar solib kulguvchi kaslar –

Nokas, nonko‘rlarga gapim yo‘q mening,
Kuylasam sendayin qorako‘zim bor.
Sen borsan, ko‘zim to‘q, ko‘nglim to‘q mening,
Bug‘doy nonim bordir, bug‘doy so‘zim bor.

2006


QIZLARXON

Ayriliqni o‘ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko‘zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo‘q, Qizlarxon.

Ichganim qasam ekan,
Quchganim tizzam ekan.
Qizlarxonning ko‘nglini
Koshki, bilmasam ekan.

Sovg‘a qilgan ro‘molin
O‘ramayman, debdi u.
Ko‘rishganda ahvolin
So‘ramayman, debdi u.

Qizim hali yosh-ku, deb
Otasi qo‘ymas ekan.
Balog‘atni, yaxshilar,
Yashirib bo‘lmas ekan.

Har bir bosgan iziga
Ta’na qilib o‘tadi.
Ro‘molini yuziga
Pana qilib o‘tadi.

Ayriliqni o‘ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko‘zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo‘q, Qizlarxon.

Holvasidan totganman,
Sumalak yalamayman.
Qizlarxonni topganman,
Boshqaga qaramayman.

Birga bog‘ kezsak ekan,
Nok uzib esak ekan.
Sevgi yo‘q, deb aytganning
Og‘ziga kesak ekan!

2003


YAXSHI KO‘RAMAN

Shoirlik g‘irt bekorchiga ish,
Yumushim shu – xayol suraman.
Nima haqda? Noqulay aytish...
Sizni hamon yaxshi ko‘raman.

Iqrorimdan zarracha naf yo‘q,
Hanuz xomman, hanuz g‘o‘raman.
Nishoniga borib tekkan o‘q,
Yuragim qon. Yaxshi ko‘raman.

Visolingiz endi – ehtimol,
Lekin mudom izlab yuraman.
Baxtimga bir xayol bor, xayol,
Mushkul – oson, yaxshi ko‘raman.

Bugungacha sir tutib keldim,
Tokay, jonim o‘tga uraman.
Sizgacha va keyingi sevgim
Bari yolg‘on, yaxshi ko‘raman.

Bilmaymanmi? Bilaman – uyat,
Andishani chetga suraman.
Ishoning, yo‘q hech yomon niyat,
Sizni yomon yaxshi ko‘raman.

1998


GUL

Qaldirg‘och – ko‘klamning langari,
Hut keldi bulutda – kemada.
Sakradi yashillik lashkari,
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Nimpushti, nimyashil, nafarmon –
Ranglarga bog‘larni beladi.
Unga na qonun bor, na farmon…
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Binafsha, boychechak, bodrezak
Yonida ochilib kulmadi.
Bunaqa ko‘klam kimga kerak?
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Qattiqroq qaragan edimmi,
Xafa qiluvdimmi, bilmadim.
Tikonlar yular ich-etimni…
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Shu bugun o‘rnimi hazilning?
Yangi kun haqqi va hurmati –
O‘z o‘rni bor har bir faslning!
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

Qimmatga tushar bu arazing!
Ming to‘qqiz yuz to‘qson muddati –
Qishdan so‘ng kuz keldi, deb yozing!
Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

1990


DADAM QABRI

Qora qishdan qutulmasdan turib olam,
Dadam qabri ustidan o‘t ko‘klab chiqdi.
Nima qilib yuribdi, deb, bebosh bolam?
Balki ko‘ngli tinchimasdan yo‘qlab chiqdi.

Odam bormi bu manzilga kelmaydigan,
Odam bormi kelishini bilmaydigan,
Tirik odam bormi seni tergaydigan? –
Degan savol maysalarni chulg‘ab chiqdi.

El qatori nasihatdan bezganim rost,
Umidimni o‘zim tishlab uzganim rost.
Qayda bo‘lmay, bir nigohni sezganim rost,
Gunoh qilsam, o‘tkir nigoh tig‘lab chiqdi.

Ba’zan qo‘lim, ba’zan esa sabrim etmas,
Hayotimni oqlash uchun umrim etmas.
Onamni haj qildirgani qurbim etmas,
Hayit kuni yurakkinam ingrab chiqdi.

Yillar o‘tib kim ulg‘aydi, kim qaridi,
Kimdan oru nomus, kimdan dard aridi.
Akalarga to‘kay, deb dil g‘amlarini –
O‘ksib borsam, eshigidan yig‘lab chiqdi.

Bildim, nega el oldiga osh qo‘yishar,
Qachon yostiqqa bemalol bosh qo‘yishar.
Ko‘klamasin deb, ustiga tosh qo‘yishar…
Mening dadam qabridan o‘t ko‘klab chiqdi.

2004


SINGAN ODAM

Singan odam, tuyg‘ulari tingan odam,
Singan odam, qismatiga ko‘ngan odam.
Siniq kulib, siniqqina ko‘rishadi,
Kun ko‘radi, yashamaydi singan odam.

Yuribmiz-da, deydi endi o‘g‘il-qiz deb,
Qoraqozon yonidagi qorako‘z deb…
Men hamisha yoningdaman, ketdik, do‘st, deb,
Elkangga qo‘l tashlamaydi singan odam.

Ko‘rilmagan katta xavfni ko‘rib qolgan,
Qochib borib o‘z ichiga kirib qolgan.
O‘z jonining mazasini bilib qolgan,
Senga jonin to‘shamaydi singan odam.

Ko‘rdim singan shoxni – oppoq guli bilan,
Egam goho shunday o‘ynar quli bilan.
Goho urar bandasining qo‘li bilan…
Odam isin xushlamaydi singan odam.

Unga tegma, u sendan ayb qidirmaydi,
Aybing bilsa ham birovga bildirmaydi.
Singan odam singanlarni sindirmaydi.
Begonaga o‘xshamaydi singan odam.

2001


MEHR HAQIDA

Zilziladan to‘rt kun o‘tganda,
       Bomdan –
Bir xabar yurakni titratdi yana.
Qizchasin panalab qulagan tomdan,
Omon asrab qopti jonfido ona.

Qancha fursatimni yoqib isindim,
Olovga tobladim mudroq tanimni.
Birdan shu lahzada ro‘y-rost his qildim
Onamni qanchalar sog‘inganimni.

Mehr – quyosh demak. Har tong darchadan
Qatim shu’la tushsin, tolim zar tushsin.
Teng tushsin mehrning nuri barchaga,
Ogahiy aytgandek, barobar tushsin!

… Tursun Ali polvon bir gap aytgandi:
Erkalab – suyganni bilarmish ilon.
Odamzotning mehri tovlangan payti
Odamday mo‘ltirab yig‘larmish ilon.

Ko‘z yosh tomsagina quturarkan suv,
Yer ham silkinarkan, qo‘psa nizolar.
Dunyoni qutqarar faqat bir tuyg‘u –
Mehrixon ayalar,
Mehrinisolar…

2004


YOMON

Har bir qizdan seni izlaganimda,
Yonimga kechikib kelganing yomon.
Ovozsiz, ko‘zyoshsiz yig‘laganimda,
Holimdan xabarsiz kulganing yomon.

Yomon-da, kimnidir tush ko‘rganing ham,
Shunchaki yoqqani – xush ko‘rganing ham.
Birovlar qalbiga nish urganing ham
Kipriklaring bilan tilganing yomon.

Mensiz qoshlaring tim qorayganlari,
Mensiz liboslaring torayganlari,
O‘zgalar xo‘rsinib qaraganlari
Va go‘zal ekaning bilganing yomon.

Xudoyim men uchun yaratgan g‘uncha,
Kimlarga duch kelding menga kelguncha.
Dilimda tuguncha, qora tuguncha –
Mengacha kimnidir sevganing yomon.

1999


BACHKANA KUN…

Bachkana kun kelsa, buralib palang –
Kosadagi sutni to‘kib qochadi.
Ilvirsni bo‘yniga chumchuq solar chang,
Burgut rayhon bargin cho‘qib qochadi.

Bachkana kun kelsa, qiyin, deydilar,
Hayot o‘zi beshak o‘yin, deydilar.
Qirqiga chidagan, chidaymiz yana –
Qirq yilda bir eshak o‘yin, deydilar.

Bachkana kun kelsa, gul bo‘lar shoir,
Gul bo‘lmasa, kuyib, kul bo‘lar shoir.
Odamning quliydi chiroqning jini,
Aroqning jiniga qul bo‘lar shoir.

Bachkana kun kelsa, Ahmad donolar
Asta tera boshlar shaxmat donalar.
Siz unga so‘z berib qo‘ysangiz, tamom,
Sizga gap bermaydi mahmadonalar.

Bachkana kun kelsa, shon va sharaflar:
Bir yonda takliflar, bir yon talablar.
Chimmatin ko‘tarib, qoshin sakratib
Zinoga chaqirar eski danaplar.

Bachkana kun kelsa… kelmasin, deyman,
Ustimizdan birov kulmasin deyman.
O‘zimiz bilamiz – kimmiz, nimamiz,
Shu gapni bolalar bilmasin, deyman.

2001


BUNCHALAR…

Quyoshga intiqqan kabi g‘unchalar,
Yurak sokin-sokin qo‘ng‘iroq chalar.
Nima deb kuylaydi qo‘ng‘iroqchalar?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Ohu qarashlimi, jodu qarashli,
Libosi yarashli, nozi yarashli,
Buncha yaxshi bo‘lding, bunchalar yaxshi!
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Ertaklar haqiqat ekanimi bu?
Yurakka ko‘krak tor kelganimi bu?
Yo visol yo o‘lim deganimi bu?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

Oy – ko‘kka tavakkal chertilgan tanga,
Holbuki, har ikki olam bir menga.
Ayt, nima yomonlik qilovdim senga?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar?

2004


YIGIT
Azizbekka

Osmonga oy, yigitga ot yarashar –
Tuyoqlari yulduz sochsin elganda.
Yigit bo‘lsin, kirsa davra yorishar,
Qiz-juvonning aqli shoshsin kulganda.

Munofiqlar, haromzoda kazzoblar
Osh edirib, so‘ng guruchin hisoblar.
Nari bo‘lsin bunday ko‘hna azoblar,
Bosh egmasin nomard minnat qilganda.

Ota-ona turgan manzil – yurt bo‘lar,
Yo‘lga kirganidan ko‘zi to‘rt bo‘lar.
Gugurtcho‘pdek omonat va mo‘rt bo‘lar,
Yo‘qotmasin endi qadrin bilganda.

Erlar ko‘pu erkaklar kam zamonda,
Pok ayollar ko‘zlari nam zamonda,
Shunday g‘irrom, shu muttaham zamonda
Mushtin ishga solsin kezi kelganda.

Osmonga oy, yigitga yor yarashar,
Hovli borki, o‘lan-alyor yarashar.
To‘y kechasi har neki bor – yarashar,
Ko‘ngli to‘lsin quchoqlari to‘lganda.

Dunyo kezsin, o‘nta tilda so‘ylasin,
O‘ylaganda lek o‘zbekcha o‘ylasin.
Navoiyni chang bostirib qo‘ymasin,
Mudramasin qo‘lga kitob olganda.

Qaysi ohang yoqimliroq yurakka?
Chuldir-chuldir jilg‘a oqsin tuvakka…
Beshikdagi manglayi keng buvakka –
Shu she’rimni aytsin ota bo‘lganda.

2002
 

[Bosh sahifa] [Bunchalar...] [bir] [ikki] [uch]

Hosted by uCoz